Har bir davlat tashqi siyosatini amalga oshirishda diplomatik aloqalarni mustahkamlash, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikka alohida ahamiyat qaratadi. Oliy darajadagi rasmiy tashriflar nafaqat ishonchni mustahkamlaydi, balki sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ham belgilaydi. O‘zA ushbu rukn orqali oliy darajadagi muloqotlar, ko‘tarilgan masalalar va imzolangan hujjatlar bo‘yicha hafta davomidagi tafsilotlarni taqdim etadi.
Pokiston Bosh vaziri Dohada Qatar Amiri bilan uchrashdi
Bosh vazir Muhammad Shahboz Sharif Dohaga tashrifi chog‘ida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladi. Muloqot davomida siyosiy va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar strategik sheriklikni rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdi.
Isroil – Hindiston: tarixiy tashrif arafasida
Bugun ertalab Isroil Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining kutilayotgan tarixiy tashrifi haqida so‘z yuritildi. Tashrif doirasida innovatsiya, xavfsizlik va umumiy strategik yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, shuningdek sun’iy intellekt hamda mintaqaviy hamkorlik sohalaridagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilinadi.
Vetnam – AQSH: Tinchlik kenashi doirasidagi yuqori darajali muloqot
Vetnam hukmron partiyasi bosh kotibi To Lam Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda G‘azoni tiklash va gumanitar yordamni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu muloqot G‘azo tinchligi bo‘yicha yangi xalqaro tashabbusning muhim bosqichi hisoblanadi.
BAA – Belgiya: siyosiy maslahatlashuv
Birlashgan Arab Amirliklari va Belgiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokara davomida asosiy e’tibor “yashil energetika”, ayniqsa qayta tiklanadigan energiya va vodorod sohasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi. Mazkur uchrashuv ikki davlat siyosiy, iqtisodiy munosabatlarini yangi yo‘nalishlarda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hindiston – Braziliya: aviatsiya va transport hamkorligi
Hindiston va Braziliya uzoq masofaga havo qatnovi uchun “Travel Corridor” (sayohat yo‘lagi) ochishga kelishdi. Bu ikki davlat orasida transport, turizm va savdo aloqalarini kengaytirish yo‘lida muhim qadamdir.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA