Bugungi kuzatuv vatahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, xalqaro miqyosda turli darajadagi davlatlar o‘rtasida geostrategik va geoiqtisodiy taranglik kuchayib, mojarolarning yangi ko‘rinishlari yuzaga kelmoqda. Bu esa dunyo bo‘ylab geosiyosiy raqobatning kengayishi va chuqurlashuviga sabab bo‘layapti. Bunday raqobat muayyan ma’noda tabiiy jarayon, zero u taraqqiyotni rag‘batlantiradi.
Ayni paytda ushbu jarayonlar dunyoning qaytadan qutblarga ajralishiga, yangi kuch markazlarining shakllanishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, ilg‘or texnologiyalarni jamiyatning barcha sohalariga joriy etish va bu orqali ustunlikka erishishga intilish, boshqalarni o‘z ta’sir doirasiga tortish tendensiyasi deyarli barcha davlatlarni qamrab olgan.
Siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev fikricha, jarayonlar global tus olgani bois, ularning oldini olishga qaratilgan preventiv diplomatiya mexanizmlari hamda xalqaro tashkilotlar faoliyatining samaradorligi yetarli darajada sezilmayapti. Natijada ayrim xalqaro institutlarning o‘zida tanglik kuzatilib, ularning istiqboliga nisbatan xalqaro hamjamiyat ishonchi pasayib bormoqda.
Mana shunday ziddiyatli sharoitda yangi tartibotlarni shakllantirish va mojarolarni hal etishda samarali ta’sir ko‘rsata oladigan, yangicha yondashuv asosida ishlaydigan institutlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, an’anaviy xalqaro tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish zarurati ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ana shu omillar “Tinchlik kengashi”ni tashkil etish g‘oyasining vujudga kelishini tabiiy jarayonga aylantirdi.
Bu jihatdan, O‘zbekistonning mazkur platforma ta’sischilaridan biri sifatida faol ishtirok etishi davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlab, mintaqa va global miqyosda yangi tendensiyalarning shakllanishiga zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston bunday maqomga qanday erishdi va bu avvalo, mamlakatimiz hamda mintaqa uchun nimalar beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savollarga javob, eng avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning xalqaro miqyosda to‘planib qolgan muammolarga dolzarb, istiqbolli va samarali yechim sifatida e’tirof etilgani bilan bog‘liq.
Ushbu g‘oyalar nafaqat muayyan hudud, balki barcha xalqlar manfaatini inobatga olgan universal yondashuv — o‘ziga xos “hamkorlik formulasi”ni taklif etdi. Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, konstruktiv mintaqaviy siyosat va faol iqtisodiy diplomatiya natijadorligi ham O‘zbekiston nufuzining oshishiga zamin yaratdi.
Ikkinchidan, jahonda strategik resurslar, xususan nodir metallarga asoslangan yangi iqtisodiyot shakllanmoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo ulkan imkoniyatlarga ega hudud sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mintaqaning G‘arb va Sharqni yangi iqtisodiy makon orqali bog‘lovchi markaziy nuqtalardan biri ekani uning geoiqtisodiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Uchinchidan, globallashuv emas, balki mintaqaviylashuv tendensiyasi kuchayib bormoqda. XX asrning 90-yillaridan jadallashgan globallashuv bugungi kun talablariga to‘la javob bermayapti. Ilgari kun tartibiga chiqqan global o‘zaro bog‘liqlik, inson huquqlarini ta’minlash, demokratik qadriyatlarni yoyish kabi g‘oyalar ayrim hollarda mafkuraviylashtirilib, amaliy natijasiz chaqiriq va deklaratsiyalar darajasida qolib ketdi. Natijada dunyoni demokratlashtirish va yagona axloqiy standartlarga asoslangan jamiyat barpo etish haqidagi konsepsiyalar ko‘p jihatdan amaliy ifodasini topmadi.
To‘rtinchidan, bugungi sharoitda madaniy va milliy o‘ziga xoslikni anglash va qadrlash, pragmatizm va realizmga tayanish tendensiyasi kuchaymoqda. Milliy va mintaqaviy manfaatlar ustuvorligi, qonun ustuvorligiga asoslangan yondashuvlar xalqaro siyosatning asosiy yo‘nalishiga aylanmoqda. Ramziy bayonotlar, natijasiz kelishuvlar va deklaratsiyalar o‘rniga aniq maqsad va natijaga qaratilgan, siyosiy mas’uliyatni talab etuvchi majburiyatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Demak, bu jarayonlarda siyosiy yetuklik, yangicha fikrlash va zamonaviy siyosiy madaniyat hal qiluvchi omilga aylanyapti.
Bu borada AQSH prezidenti tomonidan ilgari surilgan va tobora jahon kun tartibiga aylanib borayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ishtirokida “Tinchlik kengashi”ni ta’sis etish tashabbusi muhim strategik qadam sifatida baholanmoqda. O‘zbekistonning mazkur tuzilma ta’sischilaridan biri bo‘lishi esa yangi geosiyosiy muhitdagi ilk strategik qadamlardan biri bo‘lib, ayniqsa G‘azo sektori va Yaqin Sharqda amaliy natijalarga erishishga qaratilgan tashabbus sifatida ahamiyat kasb etadi.
Bu — amaliy mazmunga ega tashabbus bo‘lib, o‘zining siyosiy, iqtisodiy va gumanitar mantig‘i bilan ajralib turadi. Tizim innovatsion yondashuvga asoslangan bo‘lib, o‘z ahamiyatini yo‘qotayotgan an’anaviy siyosiy formulalarni takrorlamaydi. Aksincha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, barqaror iqtisodiy rivojlanish orqali tinchlikni ta’minlashga qaratilgan yangi konsepsiyani ilgari suradi.
Shubhasiz, mazkur platforma infratuzilmani rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilaydi. Bu esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbus va sa’y-harakatlarning to‘g‘riligi, ularning xalqaro miqyosda inobatga olinayotgani hamda global kun tartibini shakllantirishda O‘zbekistonning faol ishtirokini yana bir bor tasdiqlaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA