English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi darsliklar topshirildi
11:40 / 2022-07-26

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlaridan 500 ming yangi darsliklarni topshirdi.

Sifat talablariga javob beruvchi, yangi ishlab chiqilgan darslik va qo‘llanmalar o‘qituvchilar, o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan. Ushbu o‘quv materiallaridan 1-4-sinflarda ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlarini o‘qitishda foydalaniladi.  

Darsliklar USAID, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Yangi o‘quv materiallari 2022-2023 o‘quv yilida Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 919 ta umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkaziladi. 

USAID bilan xalqaro hamkorlik natijasida shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim va ta’limdagi yangi yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlovchi matematika hamda ona tili va o‘qish savodxonligi fanidan yangi darsliklar va o‘qituvchilar uchun innovatsion qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Vazirlik boshlang‘ich sinflarda o‘qish va matematika ko‘nikmalarini takomillashtirishga katta e’tibor qaratmoqda. Ushbu ko‘nikmalar yuqori sinf o‘quvchilariga hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalarni beradi.  

– Yangi materiallarning ishlab chiqilishi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorligimizdagi muhim bosqich hisoblanadi, – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori vazifasini bajaruvchisi Luann Gronxovd. – Biz vazirlik bilan o‘quvchilarning o‘qish va hisoblash bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalariga oid ta’lim natijalarini yaxshilash bo‘yicha ish olib boryapmiz. Doimiy hamkorligimiz natijasida erishilgan yutuqlardan faxrlanamiz. 

2021-2022 o‘quv yilida mahalliy va xalqaro mutaxassislardan iborat guruh O‘zbekistondagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan hamkorlikda matematika hamda ona tili va o‘qish savodxonligi fanlaridan darslik va ustozlar uchun qo‘llanmalarni ishlab chiqmoqda. Yangi materiallar qiziqarli mazmunga ega bo‘lib, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim usullari va amaliyotni o‘zida birlashtirgan. 

Dastlabki sinovdan so‘ng darsliklar o‘qituvchi va o‘quvchilarning fikr-mulohazasi asosida qayta ko‘rib chiqiladi va yakuniy tahriri Xalq ta’limi vazirligi tomonidan chop etiladi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab 1-4-sinf o‘quvchilari, jami ikki million nafardan ortiq bolalar yangi darsliklardan foydalanishni boshlaydi. Bu boshlang‘ich sinflarda ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlarini o‘qitishning zamonaviy usulini keng targ‘ib etish, takomillashtirishga xizmat qiladi.   


Go‘zal Sattorova, O‘zA