Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 110-maktabda rossiyalik hamda o‘zbekistonlik mualliflar ishtirokida o‘qituvchilar uchun 2-11-sinf rus tili darsliklarining taqdimotiga bag‘ishlangan respublika o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Respublika ta’lim markazi axborot xizmatiga ko‘ra, 2020 yildan boshlab Milliy o‘quv dasturi loyihasi doirasida xalqaro tajriba hamda mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda, umumta’lim maktablari uchun 22 ta fandan, xususan, rus tili fanidan zamonaviy ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari hamda ilg‘or metodikalarni, baholash tizimini ishlab chiqish maqsad qilingan.

Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan "Rus tili" darsliklarida endi fanni xorijiy til sifatida o‘qitishga, o‘quvchida o‘qib tushunish, tinglab tushunish, fikrni yozma va og‘zaki tarzda ifodalay olish kabi 4 ta ko‘nikmani shakllantirishga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Respublika ta’lim markazi hamda A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamkorligida O‘zbekistondagi maktablarda rus tili fanini va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitishning sifatini oshirishga qaratilgan «Zo‘r!» loyihasi doirasida ta’lim o‘zbek va qardosh tillarida olib boriladigan maktablarning 2-11-sinf darsliklari yaratildi va chop etilmoqda.
Ahamiyatli jihati, darslikda o‘quvchining tinglab tushunish ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida audiomatnlarga ham murojaat qilingan. Bolalar darslik uchun yaratilgan maxsus ilova orqali audiolarni tinglashlari, agar tinglashning imkoni bo‘lmasa matn shaklida o‘qishlari mumkin.

2-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan rus tili darsliklarining har birida yangi mavzuni vizual qabul qilishning afzalliklarini inobatga olgan holda, ko‘plab rasmlardan foydalanilgan. Har bir sinf darsligiga 2 tadan loyiha ishi, darslikning oxirida 7 ta tildagi lug‘at ham kiritilgan.
Joriy yilning 17 iyun kuni Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 110-maktabda rossiyalik hamda o‘zbekistonlik mualliflar ishtirokida o‘qituvchilar uchun mazkur darsliklarning taqdimotiga bag‘ishlangan respublika o‘quv seminarida yangi darslikning o‘ziga xos jihati xususida so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA