French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi daraxt – yangi nafas”
23:06 / 2025-10-20

Tabiatni asrash, unga oqilona va mas’uliyatli munosabatda bo‘lish har bir insonning ma’naviy burchidir. Mamlakatimizda keyingi yillarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionatini tashkil etish belgilangan.

Farg‘ona davlat universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionatida talabalar faol ishtirok etmoqda.

Ekologik tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, yoshlarda tabiatga nisbatan muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida Tabiiy fanlar fakulteti hamda boshqa fakultetlar professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida bir qator amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Xususan, universitetda va unga tegishli maydonlarda  hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Talabalar ishtirokida  nihollar tagiga suv quyish, ko‘chatlarni agrotexnika qoidalariga rioya etgan holda parvarish qilish ishlari tashkil etildi. Ekochempionat doirasida talaba-yoshlar o‘rtasida ekologik aksiyalar, fleshmoblar, ma’rifiy suhbatlar va ko‘ngilli hasharlar o‘tkazilmoqda.

Ayni vaqtda universitetda “Yangi daraxt – yangi nafas” ekochempionatining mazmun-mohiyatini yoshlar orasida targ‘ib qilish, ularning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

Bu kabi umummilliy loyihalar yoshlarda tabiatga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi.

Farg‘ona davlat universiteti jamoasi “Yangi daraxt – yangi nafas” ekochempionatida faol ishtirok etib, uning g‘oyaviy-ma’rifiy mazmunini keng jamoatchilikka yetkazishga harakat qilmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA