Prezident topshirig‘i – amalda
Prezidentimiz Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Mazkur tadbir buxoroliklar uchun ham alohida ahamiyatga ega edi. Shu bois jarayonni buxoroliklar katta hayajon va ko‘tarinki ruhda kuzatdi.

Prezidentimizning 2024 yil 31 may – 1 iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyatning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida “Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini qurish haqida muhim topshiriq bergan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro tumanidan yangi xalqaro aeroport hamda unga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini qurish uchun jami 370 gektar yer maydoni ajratildi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, soatiga 1200 yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan aerovokzal binosi quriladi. Umuman, 226 million AQSH dollarlik loyiha jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasini tashkil etadi.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, amaliy ishlarning boshlanganligi munosabati bilan Prezidentimizga buxoroliklarning minnatdorligini yetkazdi.
Ta’kidlanganidek, tarixiy ahamiyatdagi muhtasham ob’ektning bunyod etilishi buxoroliklarning turizm, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasidagi faoliyatlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, transport-logistika, aholi va yuk tashish xizmatlari yaxshilanadi.
Zarif Komilov, O‘zA