Futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionati superligasida muvaffaqiyatsiz natijalarni ko‘rsatib, muxlislarni ranjitayotgan “Navbahor” jamoasi nihoyat uzoq kutilgan g‘alabaga erishdi.
23-tur doirasida Namangan shahridagi “Markaziy” stadionda Navoiy viloyatining “Qizilqum” klubini qabul qilgan “Lochinlar”ga yangi bosh murabbiyning qadami qutlug‘ keldi. O‘tgan turda safarda “Buxoro” jamoasiga 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, klub rahbariyati qarori bilan 2004 yildan buyon jamoani boshqarib kelayotgan Sergey Lushan iste’foga chiqarilib, o‘rniga vaqtincha Sherzod Jo‘rayev tayinlangandi.

Namanganda tug‘ilib, shu jamoada to‘p surgan va keyinchalik murabbiylar shtabida ishlab kelayotgan Sherzod Jo‘rayev “Navbahor” safida asosan mahalliy futbolchilarga ishonch bildirgan holda, tarkibda sezilarli o‘zgarishlar kiritdi. Maydonda har ikki jamoa a’zolari ham ehtiyotkorlik bilan harakat qilganliklari sababli birinchi bo‘limda aytarli qulay vaziyatlar ko‘zga tashlanmadi.

Ikkinchi bo‘limga kelib, o‘yin sur’atini oshirgan maydon egalari ustunlikni o‘z qo‘llariga oldi. O‘yinning 68-daqiqasida “Qizilqum” darvozasi ishg‘ol etildi. Burchakdan Abbos G‘ulomovning raqib tomon yo‘llagan uzatmasini zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan braziliyalik legioner Pedro Augusto boshi bilan darvozaga aniq yo‘lladi.

Mazkur muhim g‘alaba tufayli “Navbahor” jamoasi musobaqa jadvalida yaqin ta’qibchisi – “Qizilqum” klubidan 10 ochkoga yuqoriga ildamlab ketdi.

Namanganlik futbolchilar 3 oktyabr kuni Urganchda “Xorazm” jamoasining mehmoni bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.