Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bahorgi mavsumi doirasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ko‘chatlar parvarishida agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya yetish, sug‘orish ishlarini tizimli amalga oshirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar boshlandi.
Nurafshon shahridagi “Media xodimlari va ijodkor bog‘i”da turli ko‘chatlar, manzarali gullarni ekish, parvarishlash kabi mavzularga qaratildi. Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, soha mutaxassislari va usta bog‘bonlar ishtirokchilar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi.



Seminarda Toshkent viloyatidagi shahar va tumanlarning hokimlari, hududiy obodonlashtirish boshqarmasi rahbarlari qatnashib, mahalliy iqlimga mos agrotexnik tadbirlar xususida o‘z fikrlarini bayon etdi. Bunda asosiy e’tibor aholi dam olish maskanlari xiyobon, yo‘lakchalar, istirohat bog‘larida zamonaviy landshaft dizaynini joriy qilishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Toshkent tumanidagi “Muhammad Agro Ishonch” MCHJga qarashli ko‘chatxonada gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan amaliy seminarda ham tuman-shahar hokimlari, sohaga mas’ul rahbarlar qatnashdi. Tadbirda ko‘chatxona mutaxassislari tomonidan ko‘chatni qanday parvarishlash va gulchilikni rivojlantirish bo‘yicha tajribalar ko‘rsatildi.



Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil ko‘chat ekish mavsumlarida jami 16 million 188 ming tup nihol va buta ko‘chatlari ekilib, yashillik darajasi 14,5 foizga yetkaziladi. Joylarda “Ochiq byudjet portali orqali “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha barcha tuman-shaharlarda “yashil bog‘” yoki “yashil jamoat parklar”i barpo etiladi. Umumiy foydalanishdagi 623 kilometr avtomobil yo‘llari bo‘ylarida ihotazorlar tashkil etilib, manzarali va mevali nihol, buta ko‘chatlari ekiladi.



O‘z navbatida atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan 272 ta sanoat korxonalaridagi mavjud chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va modernizatsiya qilish orqali atmosferani ifloslantiruvchi moddalar miqdori 1,6 foizga kamaytirilishiga erishiladi.
A.Musayev, O‘zA