Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi bog‘cha ishga tushdi
00:23 / 2025-10-22

Maktabgacha ta’limga qamrov bugungi kunda Yangi O‘zbekiston islohotlarida alohida ustuvorlik kasb etadigan muhim vazifalardan biridir. Oxirgi yetti-sakkiz yilda Namangan viloyatida maktabgacha ta’lim sohasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari uch barobarga oshdi.

Viloyatning chegara hududlaridan biri sanalgan Chortoq tumani Soy mahallasida foydalanishga topshirilgan yangi bog‘cha aholi uchun birdek unutilmas xursandchilikka aylandi. Boisi, soyliklar ancha yillardan beri bolalar bog‘chasining yo‘qligi sabab muammolarga duch kelishardi. Endilikda esa, mahallaning uzoq kutilgan orzusi amalga oshdi. Hududda 150 o‘rinli 37-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan tuman hokimligi hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, mahalla faollari mamlakatimizda ta’lim tizimi, xususan maktabgacha ta’limni tubdan isloh qilish borasidagi ijobiy o‘zgarishlarga, yangi bog‘cha bolajonlarga o‘ziga xos quvonch va dastlabki bilimlar manbai bo‘lishiga ishonch bildirdilar. Binobarin, yangi ta’lim maskanini ochilishi mahalladagi yosh oilalar uchun katta qulaylik yaratishi asnosida kichkintoylarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini yanada oshirishga turtki beradi. 

Qurilish ishlari “Kvars sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilib, buning uchun davlat byudjetidan 4 milliard 754 million so‘m mablag‘ sarflandi. Maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlar uchun barcha talablarga javob beradigan o‘quv va dam olish xonalari, oshxona, sog‘lom ovqatlanish sharoiti va xavfsiz o‘yin maydonchalari tashkil etilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.