Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi bog‘ barpo etildi
15:03 / 2025-11-24

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida “Hokim va yoshlar bog‘i” aksiyasi o‘tkazilib, yoshlar va jamoatchilik ishtirokida yangi yashil maskan barpo etildi. Ushbu tashabbus hududni ko‘kalamzorlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash va yoshlarda tabiatga mehr va e’tiborni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Afrosiyob mahallasida Yoshlar ishlari bo‘limi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi, mahallaning nuroniylari, yoshlar yetakchilari hamda faol aholi ishtirok etdi. Tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev o‘z chiqishida bu kabi tashabbuslarning ahamiyatini maxsus ta’kidlab, shunday dedi:

–  Bugun ekilayotgan har bir ko‘chat — kelajak avlodga qoldiriladigan bebaho meros, toza havo va bardavom muhit demakdir. Yoshlarning ana shunday ezgu ishlar markazida bo‘lishi — ularning mas’uliyati va yurtimizga bo‘lgan sadoqatining yorqin namunasidir. Xovosni yanada obod, yashil va sog‘lom hududga aylantirishda har bir yoshning hissasi beqiyos.

Aksiya doirasida 1500 dan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Daraxt ekish jarayonida yoshlar, mahalla ahli, Yoshlar yetakchilari hamda ko‘plab ixtiyoriylar birlashib, hududning ekologik barqarorligiga hissa qo‘shishdi.

Tuman hokimi ham ko‘chat ekishda yoshlar bilan bir qatorda ishtirok etib, ularni bu kabi foydali va ezgu tadbirlarda faol bo‘lishga chorladi. Uning ta’kidlashicha, Xovosda “yashil tashabbuslar” doimiy davom ettiriladi, chunki tumanning kelajakdagi ekologik ko‘rinishi aynan bugungi amaliy ishlarga bog‘liq.

“Hokim va yoshlar bog‘i”ning barpo etilishi yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, jamoatchilikni birlashtirish va tumanda yashil hududlarni yanada ko‘paytirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Loyiha doirasida kelgusida Xovosning yana bir nechta manzillarida ham shunday bog‘lar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri