Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi binolar zamonaviy talablar darajasida bo‘lishi lozim
13:21 / 2023-01-10

Donishmand, zukko, ishbilarmon xalqimizning ibrat olsa arziydigan urf odatlari, an’analari bor. Agar imorat quradigan bo‘lsa, avvalo usta bilan fikrlashadi, uzoqni o‘ylaydi, puxta reja tuzadi, qo‘ni-qo‘shni bilan maslahatlashadi. Bu an’ana bugun qurilish sohasi jadal rivojlangan, taraqqiy etayotgan davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

bugungi kunda ham qurilish qilinadigan yerga egalik huquqini olish kerak. Shundan keyin amaldagi me’yoriy tartib-tamoyillarga asosan bino loyihasini tayyorlash, tegishli tarzda davlat organlari ro‘yxatidan o‘tkazish, qurilish texnik talablarini amalga oshirish, sifatli qurilish ashyolaridan foydalanish zarur. Shundagina boshlangan xayrli ish ortiqcha tashvish keltirmaydi. Aks holda katta mablag‘ va xarajat evaziga qurilgan binoni hattoki buzishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda bu yumushlarning bir qadar soddalashtirilgani ham bor gap. Mazkur tartiblarning bajarilishi ustidan nazorat ishlari esa Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.  

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi va 2020 yil 20 avgustdagi “Ob’ektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy reglament hamda ob’ektlarning xavf-xatarlar toifalari tasnifini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi vakolatlari va nizomi tasdiqlangan, – deydi Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi Nozim Jumayev. – Mazkur hujjatlarga asosan, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi hududlarda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifat nazorati, qurilish ishlarini bosh reja va aholi punktlariga mosligi, ob’ektlarning shaharsozlik qonunosti hujjatlarini o‘rganib chiqadi va bevosita nazoratga oladi.

Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilgan o‘rganishlar jarayonida amaldagi mavjud talab va tartiblarni bajarmasdan qurilish ishlarini boshlab yuborgan tashkilotlar, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, tadbirkorlik sub’ektlari borligi ma’lum bo‘ldi.

– Uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar, qurilish ishlarini amalga oshirish harakatida bo‘lgan fuqarolarimizga ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 300 kubdan katta noturar ob’ektlar, qurilish maydoni 500 metr kv. dan yuqori, 12 metrdan baland, qavatliligi 2 qavatdan ortiq bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylar inspeksiya ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart, – deydi hududiy nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi Nozim Jumayev. – Shu bilan birga birlamchi hujjatlar asosida arxitektura rejalashtirish topshirig‘ini tayyorlash, loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilishi, ekspertiza xulosasini olish va oxirida inspeksiya ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Bunday tadbirkorlik sub’ektlari bilan Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan o‘z vaqtida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Buxoro shahri markazida tadbirkor Azizbek Jo‘rayev rahbarlik qilayotgan “Hadicha imkon plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan aholi yashashi uchun mo‘ljallangan 5 qavatli binoni qurish ishlari zarur texnik hujjatlar to‘liq olinmasdan davom ettirilmoqda. Hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan mazkur tadbirkorlik sub’ekti rahbarlariga zarur ko‘rsatmalar berildi. Aks holda qurilish ishlari amaldagi huquqiy hujjatlar talabi asosida vaqtincha to‘xtatilishi tushuntirildi.  

– Buxoro shahri markazida 5 qavatli bino quryapmiz, – deydi “Hadicha imkon plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati  ish boshqaruvchisi Azizbek Jo‘rayev. – Hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan hujjatlarda kamchiliklar aniqlandi. Ogohlantirishlar berildi. O‘z vaqtida kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz. Qurilishimiz nazorat bilan davom etmoqda.

Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish talabi, sifat nazoratini o‘rganishdan asosiy maqsad, ularning mustahkam, mukammal va mavjud shaharsozlik talablariga javob berishi, binoda texnik, mualliflik hamda ichki nazorat to‘g‘ri tashkil etilishini o‘rganishdan iborat. Olib borilgan bu kabi nazorat va monitoring tadbirlari natijasida qurilish ob’ektlaridagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilmoqda.  

Tegishli tashkilotlardan zarur hujjatlarga ega bo‘lmasdan turib boshlangan shahardagi yana bir ko‘p qavatli bino tadbirkor Habib Hayitov tomonidan qurilmoqda. O‘rganishlar jarayonida mazkur ob’ektda ham yuqoridagi kabi kamchiliklar borligi aniqlanib, pudratchi va qurilish tashkilotlari rahbarlari ogohlantirildi.

Buxoro shahridagi Ibrohim Mo‘minov ko‘chasida “Bunyodkor Shahzod” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan aholi yashashi uchun mo‘ljallangan 7 qavatli binoda hududiy inspeksiya tomonidan joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib, ayni kunda qurilish tashkilotiga bunyodkorlik ishlarini davom ettirishga ruxsat berilgan.

Mutaxassislarning maqsadi faqatgina shahar hududida olib borilayotgan qurilish ishlaridagi mavjud texnik kamchiliklarni aniqlab, uni bartaraf etish, tadbirkorlarni tegishli tartibda jazolash emas, aksincha, qurilayotgan binolarning zamonaviy shaharsozlik talablari, amaldagi tartiblarga mos darajada bo‘lishini ta’minlashdan iborat.

[gallery-10219]

Shu maqsadda hamkor tashkilotlar bilan sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ana shunday tadbir davomida qurilish sohasiga qo‘yilgan talablar, bino va inshootlarning zilzila, texnogen hodisalarga bardoshliligini oshirish haqida so‘z bordi.  

– Favqulodda hodisalar, ayniqsa zilzila kutilmaganda sodir bo‘ladi, –deydi Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sulaymonov. – Uning xavfini kamaytirish, oldini olish esa ma’lum bir soha vakillarining emas, balki barchaning vazifasi. Bu boradagi tadbirlarda quruvchi, loyihachi tashkilotlari vakillariga yechimlar, fan yutuqlarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar muntazam berib boriladi.  

 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA