Buxoro viloyati Kogon shahri davlat arxivi yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov, Kogon shahar hokimi Hayot Davlatov, soha mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Kogon shahar davlat arxivi Buxoro viloyati ijroiya qo‘mitasining 1969 yil 20 avgustdagi tegishli qaroriga asosan tashkil topgan. Kogon shahar va tumani aholisiga xizmat ko‘rsatib kelgan. Kattaligi jihatdan viloyat davlat arxividan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Shu vaqtga qadar moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib kelgan. Arxivda dastlab boshqaruv hujjatlari 300 ta, shaxsiy tarkib hujjatlari 200 ta va vaqtinchalik saqlanadigan hujjatlar 100 ta saqlov birlikni tashkil qilgan.
—Hozirgi vaqtda Kogon shahar davlat arxivida 11 nafar xodim ishlaydi, – deydi Kogon shahar davlat arxivi direktori Hilola Mavlyanova.
— Arxivda 314 ta fondda jami 69 ming 519 ta saqlov birlikda hujjatlar saqlanadi. Ushbu hujjatlarning 51 ming 64 tasi boshqaruv hujjatlari, 18 ming 455 tasi shaxsiy tarkib hujjatlari va 19 ta saqlov birlikdagi hujjatlar shaxsiy kelib chiqish hujjatlari sirasiga kiradi. Arxivning jamlash manbalari 71 tani tashkil qilib, 67 tasi asosiy, 2 tasi qo‘shimcha, 2 tasi ehtimoliy hisoblanadi.
[gallery-2739]
Kogon shahar “Vatanparvar” ko‘chasida joylashgan ob’ekt Kogon shahar hokimining qarori bilan arxiv balansiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan. “Ali Akbar Grand stroy” MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Yangi binoning saqlovxonasi 40 ta temir javonlar bilan ta’minlandi. Zamon talablari asosida rekonstruksiyadan chiqqan arxiv binosi yong‘in xavfsizligi bo‘yicha va kamera kuzatuv moslamalari, temir javonlar, korporativ aloqa tarmoqlariga ulangan. Yoshlarning madaniy hordiq chiqarishlari va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Buxoro tarixiy obidalari bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
Yosh arxivchilar orasida bo‘lib o‘tgan «Zukkolar» intellektual o‘yinining final bosqichida Navoiy va Namangan viloyati yoshlari bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Bunda Navoiy viloyati yoshlari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
«Elektron arxivlar: arxivlar faoliyatida axborot- kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiya» mavzuida konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. «Nutq madaniyati va notiqlik»-“Time-management”- «Tabiiy usulda restavratsiya uchun yelim tayyorlash (Koreya tajribasi)” mavzularida master-klasslar o‘tkazildi.
– Bugun men uchun qo‘shaloq bayram, – deydi Navoiy viloyati Arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sayyora Bekova. – “O‘zarxiv” agentligining “Soha iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Arxiv sohasida 15 yildan buyon ishlayman. Ozgina mehnatim shu darajada qadrlanganidan xursandman. Davlat rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor barchani samarali mehnat qilishga chorlamoqda.
O‘tkazilgan tadbirlarning yakunida bir qator soha xodimlari turli darajadagi diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA