Markaziy bank tomonidan “Yangi bank” AJ faoliyati tugatilishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishga qaratilgan matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, yaqinda “Yangi bank” o‘z faoliyatini rasman tugatdi. Bankning tugatilishi ortidan, omonatchilarning huquqlarini himoya qilish va ularga kompensatsiya to‘lash maqsadida “Biznesni rivojlantirish banki” (BRB) agent‑bank sifatida belgilandi.
BRB bu vazifani avval ham samarali bajarib kelgan. U Qishloq qurilish banki nomi ostida bankrot bo‘lgan va yopilib ketgan bir nechta banklardagi omonatchilar uchun agent‑bank vazifasini amalga oshirgan.
Kompensatsiya to‘lovlari uchun omonatchilardan hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar talab qilinmaydi. Barcha to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida va belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Kompensatsiya to‘lovlarini olish tartibi quydagicha: Jismoniy shaxslar uchun BRB mobil ilovasi orqali onlayn tarzda boshqa bank kartasiga pul o‘tkazish yoki BRB bank xizmatlari markazlariga murojaat qilib, naqd pul shaklida olish imkoniyati yaratiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun BRB bank xizmatlari markazlariga murojaat qilish orqali, ushbu bankda hisobvaraq ochish yoki boshqa bankdagi hisobvaraqiga pul o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, omonatchilar o‘z xohishiga ko‘ra mablag‘larni BRBning omonat mahsulotlariga ham joylashtirishi mumkin. Bu ularga mablag‘larini samarali boshqarish imkonini beradi.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinganidek, kafolatlangan omonatlar 2026 yil 29 yanvardan to‘lanadi. Barcha jarayonlar reja asosida va qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi, omonatchilar huquqlari esa to‘liq himoya qilinadi.
Kompensatsiya va omonatlar haqida batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligi rasmiy veb-saytidan olish mumkin. Omonatchilardan so‘rovlar va murojaatlar ham shu manbalar orqali qabul qilinadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA