Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi bank” litsenziyasi bekor qilindi: omonatchilar puli qanday qoplanadi?
15:33 / 2026-01-15

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026 yil 15 yanvardagi 1/1-sonli qaroriga ko‘ra, “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi bekor qilindi.

Qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli samara bermagani tufayli qabul qilindi. Xususan, bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan minimal talab darajasiga yetkazilmagan va banklar faoliyati uchun belgilangan bir qator talablar bajarilmagan.

Qonunlarga muvofiq, bank faoliyatini rasmiy tartibda tugatish, tugatish komissiyasini tayinlash va uning faoliyatini boshqarish vakolatlari berildi. Bu choralar mijozlarning huquqlarini himoya qilish va moliyaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, “Yangi bank”dagi 32 ming 526 nafar omonatchidan 32 ming 153 nafari davlat kafolati bilan pullarini to‘liq qaytarib oladi. Bu omonatchilar bankda 200 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘larni topshirgan.

Biroq, 373 nafar omonatchining puli 200 million so‘mdan yuqori bo‘lib, ularga mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi. Shu bois, har qanday omonatchi bankda 200 million so‘mdan ortiq pul topshirishdan oldin risklarni baholashi zarur.

Omonat mablag‘larini qaytarib olish uchun Omonatlarni kafolatlash agentligiga murojaat qilish mumkin.

“Yangi bank”ning bankrotlikka tushishi asosiy sabablari, ustav kapitali talabga javob bermagan (355 mlrd so‘m, kamida 500 milliard so‘m bo‘lishi shart edi). Bir nechta ogohlantirishlarga qaramay, kapital oshirilmagan. 2025 yilning 9 oyida bank 95,4 milliard so‘m zarar ko‘rgan, ya’ni faoliyati boshidanoq moliyaviy jihatdan zaif bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, sentyabrda “Yevroosiyo bank”ning litsenziyasi ham chaqirib olingan edi. Hozirda O‘zbekistonda faqat 34 ta bank faoliyat yuritmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA