Markaziy bank boshqaruvining 2026 yil 15 yanvardagi qaroriga muvofiq «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi hamda bankni majburiy tugatish komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Ayni paytda bankni tugatish bilan bog‘liq barcha jarayonlar belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
"Yangi bank" AJ faoliyati tugatilishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanining asosiy maqsadi — omonatchilar va kreditorlarga pul mablag‘lari qanday tartibda, qaysi manbalar hisobidan va qachon qaytarilishi haqida sodda hamda aniq ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.
Bankni tugatish jarayoni to‘liq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki nazorati ostida olib borilmoqda. Tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshiradi.
Bankka tegishli barcha pul mablag‘lari Markaziy bankda ochilgan maxsus hisobvaraqda jamlanmoqda. Ushbu hisobvaraq orqali ilgari berilgan kreditlarni qaytarish, bank mulkini realizatsiya qilish va boshqa tushumlar yig‘ilishi ta’minlanadi. Yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan bankning majburiyatlari qonunchilikda belgilangan navbat asosida qoplab boriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarining banklardagi 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonatlari davlat tomonidan kafolatlanadi. Kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda ushbu mablag‘lar Omonatlarni kafolatlash agentligi mablag‘lari hisobidan to‘liq hajmda to‘lab beriladi.
Kafolatlangan miqdordan ortiq qismi hamda kafolatlash ob’ektiga kirmaydigan omonatlar bankni tugatish jarayoni doirasida ko‘rib chiqiladi va qonunchilikda belgilangan tartibda Tugatish komissiyasi tomonidan qoplanadi.
Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari agent-bank sifatida belgilangan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB orqali amalga oshiriladi.
Agent-bank moliyaviy barqarorlik, kapital yetarliligi, hududiy infratuzilma hamda kompensatsiya to‘lovlarini tashkil etish bo‘yicha texnik va tashkiliy salohiyat mezonlari asosida tanlab olingan.
Omonatchilarga kompensatsiya to‘lovlarini bankning mobil ilovasi orqali onlayn tarzda, bank filiallariga murojaat qilgan holda naqd pul ko‘rinishida yoki boshqa hisobvaraqqa o‘tkazish yo‘li bilan olish imkoniyati yaratilgan.
Quyidagi omonatlar agentlik mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi. 2025 yil 19 fevralga qadar qo‘yilgan muddatli omonatlar bo‘yicha, agar omonat summasi oshirilmagan va qaytarish muddati uzaytirilmagan bo‘lsa, qo‘yilgan summa to‘liq hajmda kompensatsiya qilinadi. Faoliyati tugatilayotgan bankdagi jismoniy va yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning omonatlari, shu jumladan foizlari bilan birga, umumiy hisobda 200 million so‘mgacha bo‘lgan qismi to‘lab beriladi.
Quyidagilar kafolatlash ob’ekti hisoblanmaydi. Banklar, nobank kredit tashkilotlari, lizing, sug‘urta, investitsiya va pay fondlari hamda boshqa moliya tashkilotlarining omonatlari, davlat tashkilotlari va korxonalarining omonatlari, bankka aloqador shaxslarning omonatlari (ayrim istisnolardan tashqari) chet elda ochilgan filiallar yoki shu’ba banklardagi omonatlar, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari, sud qarori bilan jinoiy faoliyatdan olingani tasdiqlangan mablag‘lar shular jumlasidan.
Qonunchilikka muvofiq, kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini olish imkoniyati kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran 15 ish kuni ichida yaratiladi.
Kafolatlangan omonatlar bo‘yicha to‘lovlarni “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan amalga oshirish 2026 yil 29 yanvardan boshlanishi rejalashtirilgan.
Kafolatlangan miqdordan ortiq yoki kafolatlash ob’ektiga kirmaydigan omonatlar bo‘yicha omonatchilar 2026 yil 16 martga qadar Tugatish komissiyasiga yozma talabnoma topshirishlari lozim.
Barcha jarayonlar Markaziy bank va Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Kompensatsiya olish uchun omonatchilardan hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab etilmaydi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/xgBvrclZTHM?si=0456XERvN2unymCB" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Hamroz Bayanov (video),
O‘zA