Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi badiiy kitoblar taqdimoti
15:42 / 2024-01-25

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika institutida navoiylik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenovaning “Kaftimdagi qaldirg‘och” va “Saodat” jurnalining mas’ul kotibi Muhayyo Rustam qizining “Oy sohili” nomli she’riy kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, ijodkorlar o‘z ona yurtining go‘zalligi, sevgi va muhabbat iztiroblarini, hayot manzaralarini o‘ziga xos badiiy bo‘yoqlar, kutilmagan tashbehlar uyg‘unligida ifodalangan.  

Aqshagul Tulegenova uchun she’riyat begona emas. “Kaftimdagi qaldirg‘och” uning 5-kitobi.  

– Qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanish uchun huquq sohasidan xabardorlik qanchalik muhim bo‘lsa, she’rlar bitishda til va adabiyotni puxta bilish shunchalik zarur, – deydi A.Tulegenova.

“Kaftimdagi qaldirg‘och” kitobidan o‘rin olgan she’rlarning deyarli barchasi inson, xalq, Vatan va mustaqillikni tarannum qiluvchi she’rlardir.

Muhayyo Rustam qizi Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan bo‘lsada, faoliyati Navoiy viloyati bilan bevosita bog‘liq. Maktabni tugatgach, Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olgan. Navoiy teleradiokompaniyasi, “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi, O‘zLiDep Navoiy viloyati Kengashida faoliyat olib borgan.  

[gallery-15631]

– Azaldan shoirning qismati lahzalarning she’rga aylanishiga guvoh bo‘lishdir, – deydi shoir, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Har ikkala ijodkorimiz she’rlarida samimiylikni, hayotga tiyrak ko‘z bilan boqayotgan qarashlarni, bezovta qalb tug‘yonlarini ko‘ramiz. Ularning o‘z ohangi, o‘z aytar so‘zi va qarashlari bor.  

Uchrashuvda ijodkorlar she’rlaridan namunalar o‘qib berishdi.

 

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari