Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi avtobuslarda jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazildi
18:27 / 2025-11-11

Mamlakatimizda jamoat transportlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining sifatli va erkin harakatiga sharoit yaratish bo‘yicha samarali ishlar tashkil etilmoqda. Bu jarayonda jamoat transportida nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishiga alohida imkoniyatlar zarur hisoblanadi.

Jumladan, jamoat transporti haydovchilarining nogironligi bo‘lgan shaxslar huquq va ehtiyojlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, ular uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishi bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar shakllantirilmoqda. Shuningdek, yangi keltirilayotgan jamoat transportlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga qay darajada xizmat qilayotgani o‘rganilmoqda.

Toshkent shahridagi 8-avtobus parkida O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Transport vazirligi va “Toshshahartransxizmat” AJ hamkorligida jamoat transporti haydovchilari uchun “Jamoat transport soha vakillariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. 

Tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilgan imtiyozlar, ularni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik va huquqlaridan foydalanishlari uchun qulay sharoitlar yaratishga doir  dasturlar doirasida amalga oshirildi, deyiladi O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi ma’lumotida.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishda etik me’yorlar, yo‘l davomida yordam ko‘rsatishning odob-axloq qoidalar, haydovchining inklyuziv muhit yaratishdagi roli kabi muhim mavzular keng muhokama qilindi. 

Loyiha doirasida O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi tomonidan yangi avtobuslarda jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazildi. Bu jarayonida transport vositalarining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashuv darajasi va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar tekshirildi.

Natijaga ko‘ra, yangi avtobuslar nogironligi bo‘lgan shaxslarning turli toifalari uchun moslashtirilgani hamda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani tasdiqlandi.

A.RUSTAMOV, O‘zA