Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetida ilk bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Uch yil oldin faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mazkur oliy ta’lim muassasasi o‘zining birinchi bitiruvchilarini ta’lim olish jarayonidagi yutuqlari bilan kuzatmoqda.
Tadbir “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilib, unda ta’lim, tarbiya va ilm-fan sohasida erishilgan natijalar sarhisob qilindi. Marosimda 20 nafar bitiruvchiga davlat namunasidagi diplomlar topshirildi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ilmiy-ma’rifiy siyosat, yoshlar salohiyatiga bo‘lgan e’tibor va ishonch ushbu dargoh faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. Har bir talaba – kelajak bunyodkori, har bir bitiruvchi – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi barkamol insondir.

Tantana doirasida “Yil talabasi – 2025” tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi. Turli yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatgan, ilm-fan, sport va ijtimoiy hayotda tashabbuskor bo‘lgan yoshlar rag‘batlantirildi. Bu esa ular uchun katta motivatsiya, jamiyat oldidagi mas’uliyat va vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytiradi.

Universitet rektori Shakarboy Janikulov o‘z nutqida:
— Biz ilm-ma’rifat orqali kuchli jamiyat barpo etayotgan davlatmiz. Har bir bitiruvchimiz – bu Yangi O‘zbekistonning bilimli, intellektual salohiyatga ega fuqarosidir. Bugun sizlar nafaqat diplom egasi, balki davlat ishonchiga sazovor bo‘lgan el-yurt farzandisiz. Oldingizda turgan eng oliy vazifa – halol xizmat, vatanparvarlik va doimiy izlanishdir, — dedi.
Darhaqiqat, diplom faqat rasmiy hujjat emas. U – bilim, fidoyilik, sabr-toqat, ustozlar mehnati va ota-onalar orzusining mujassamidir. Mazkur dargohning ilk bitiruvchilari ertangi kunning innovatsiyachilari, jamiyat yetakchilari, ilm-fan fidoyilari sifatida mustaqil va farovon yurtimizda munosib o‘rin topishiga ishonch bildirildi.

Shunday insonlar tarbiyasiga e’tibor qaratgan universitet jamoasi, zamonaviy ta’lim muhitini yaratishga intilayotgan rahbariyat va Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan yoshlar – yurtimiz taraqqiyotining asosiy omillaridan biridir.