O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Yangi avlod tashabbuslari va barqaror taraqqiyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Tadbirda akademiya rektori Jasur Solihov mamlakatimiz aholisining qariyb 64 foizini yoshlar, ya’ni, 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etishini qayd etdi. Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Zero, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”.
Prezidentimiz yoshlarni mamlakatimizning “oltin zaxirasi” deya ta’riflagan. Darhaqiqat, kuch va g‘ayratga to‘la yoshlar mamlakatimizning porloq kelajagi bunyodkorlaridir. Har bir davlatning kelajagi bilimli, salohiyatli yoshlar, ularning iqtidorini rivojlantirish va yuzaga chiqarish kabi masalalar bilan chambarchas bog‘liq.
[gallery-23456]
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lida yurtning jadal rivojlanishi va muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bevosita aloqador. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasiga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralishi bejiz emas.
Mamlakatimiz yoshlariga e’tibor haqida gap borar ekan, ularning bilimli va zamon talablariga to‘la mos insonlar bo‘lib yetishishida axborot texnologiyalari va til bilishning ahamiyati naqadar muhim ekanini alohida ta’kidlash lozim. Shuni inobatga olgan holda, davlatimiz tomonidan ayni sohalar rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi avlod tashabbuslari va barqaror taraqqiyot yo‘lida yoshlarning ijtimoiy innovatsiyalar, texnologiya, ta’lim, tadbirkorlik, ruhiy salomatlik, ekologiya, ijtimoiy moslashuv hamda axborot maydonidagi faolligini chuqur tahlil qilishdir.
Ushbu yo‘nalishlarda yuzaga kelayotgan dolzarb muammolarni aniqlash va ularning yechimiga doir ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, konferensiya yoshlar bilan ishlovchi mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar va amaliyotchi ekspertlar o‘rtasida fikr almashuv maydonini yaratish, xalqaro va mahalliy tajribalarni o‘rganish hamda istiqbolli kadrlar tayyorlashda innovatsion yondashuvlarni ilgari surish kabi bir qancha maqsadlarni ham ko‘zda tutgan.
Konferensiya to‘rtta sho‘’ba – “Ijtimoiy innovatsiyalar: kreativ va innovatsion fikrlash, ta’limda yangi yondashuvlar”, “Yoshlarning salomatligi, ijtimoiy moslashuvi va ekologiya bo‘yicha faolligini shakllantirish”, “Raqamlashtirish va axborot maydonida yoshlar: raqamli texnologiyalar, mediasavodxonlik va onlayn faollik” hamda “Yashil iqtisodiyot va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishlarida tashkil etildi.
Anjumanda ishtirok etayotgan davlat va jamoat arboblari, taniqli olimlar ma’ruzalari bilan chiqish qilgan yosh professor-o‘qituvchilar, iqtidorli talaba-yoshlarning ishlarini baholab bordi. O‘z yo‘nalishida yangilik yaratgan, barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan g‘oyalarni ilgari surgan yoshlarning ma’ruzalari amaliyotga tatbiq etiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA