Maktabgacha ta’lim – bolaning rivojlanishi, ijtimoiy ko‘nikmalarini shakllantirishi va barqaror bilim olishga tayyorgarlik ko‘rishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi va asosiy bosqich.
Qayd etish lozimki, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarning barqaror rivojlanishi, qiziqishlarini qondirish va zamonaviy ta’lim standartlariga mos muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini "bog‘chadan boshlab tabaqalashtirish jarayoni" deya noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur bog‘chalarga ham bolalarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi tegishli qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan bog‘cha hisoblanadi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etilib, boshqa bog‘chalar uchun metodik yordam ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA