Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi avlod kadrlari” — kelajak rahbarlarini tayyorlovchi maktab
16:33 / 2025-10-10

Prezidentimizning tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi davlat boshqaruvi tizimida zamonaviy fikrlaydigan, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yosh kadrlarni tayyorlashga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi. Loyiha orqali yoshlar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni ham egallab, kelgusida rahbarlik lavozimlariga munosib zaxira sifatida shakllanadilar.

Guliston davlat universitetida O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan mazkur loyiha doirasida talabalar ishtirokida navbatdagi o‘quv-trening tashkil etildi. Tadbirda partiyaning viloyat Kengashi bo‘lim mudirlari, tadbirkor L. Azimboyeva, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda “Yoshlar qanoti”ning faol a’zolari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan davlat siyosati, partiya dasturi va unda yosh avlod uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, “Yangi avlod kadrlari” loyihasining mazmun-mohiyati, undagi o‘quv mashg‘ulotlari, kadrlar zahirasini shakllantirish tizimi hamda yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

– “Yangi avlod kadrlari” nafaqat o‘quv loyihasi, balki yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan, ularda mas’uliyat, fidoyilik va rahbarlik fazilatlarini tarbiyalaydigan maktabdir, – deydi O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Elyor Jo‘rayev. – Bu loyiha orqali yoshlar davlat boshqaruvi tizimini amalda o‘rganish, rahbarlik madaniyatini shakllantirish va amaliy tajriba to‘plash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday tashabbuslarning doimiy va tizimli davom etishi yosh kadrlarning o‘sishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir davomida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Yoshlar partiyaviy loyihalarning ahamiyati va yoshlar faolligini yanada oshirish borasida o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Uchrashuv yakunida faol talabalar partiyaning amaldagi va istiqbolli kadrlar zaxirasi ro‘yxatiga kiritildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri