Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi avlod darsliklari shakl va mazmun jihatdan butunlay o‘zgartirilgan
10:54 / 2022-09-03

Ta’lim mazmunini takomillashtirish va o‘quvchilar bilim samaradorligini oshirishda darsliklar ta’minoti, yangi avlod darsliklari hamda o‘quv qo‘llanmalarining yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh, respublikamizdagi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining davlat standartlari hamda talablari asosida yangi avlod darsliklari hamda o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasi qoniqarlimi

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda davlat byudjetining xarajatlarida umumta’lim sohasi yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Biroq tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, maktablarning moddiy-texnik bazasi, soha xodimlari uchun shart-sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir sharoitda ta’lim sifati va natijadorlik kutilganidek bo‘lmagan

Buning asosiy sabablaridan biri maktab darsliklarini ta’lim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishda yo‘l qo‘yilayotgan jiddiy kamchiliklar, xatolar va boshqa mavhumliklar bo‘lgan. O‘quv-metodik va darsliklar sifatini oshirish hamon dolzarb masalalardan

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yangi yildan boshlab umumiy o‘rta ta’limning o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga undaydigan Davlat ta’lim standartlari o‘quv dasturlari va o‘quv rejalari qaytadan ko‘rib chiqilib, takomillashtirilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 4 ta sinf uchun 60 million nusxadagi yangi avlod darsliklari belgilangan muddatda o‘quvchilarga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 maydagi “2022 — 2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 3-, 6-, 7- va 10-sinflari uchun yangi avlod darsliklarini 2022 yil yakuniga qadar yaratish vazifasi belgilab qo‘yilgan. Olib borilayotgan ishlar natijasida ushbu darsliklar yil yakuniga qadar emas, balki noyabr oyiga qadar o‘quvchilar qo‘lida bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, yil so‘ngiga qadar 420 nomdagi o‘quv-metodik majmualar, jumladan, 248 ta darslik, 146 ta metodik qo‘llanma, 26 ta mashq daftari tayyorlanishi belgilangan. bugungi kunga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflarda o‘tiladigan 16 ta fan bo‘yicha 7 ta tilda jami 300 nomda, jumladan, 248 nomdagi darslik, 26 nomdagi mashq daftari va 26 nomdagi o‘qituvchi kitoblari tayyorlandi. Shuningdek, joriy yilda ilk bor 3-sinflar uchun ham darslik, mashq daftari hamda o‘qituvchi kitoblari yagona majmua sifatida tayyorlandi va chop etildi.

Joriy o‘quv yilining I chorak yakuniga qadar respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablari yuqorida sanab o‘tilgan 4 ta sinf uchun yangi avlod darsliklari bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgan. Unga qadar rejaga muvofiq, maktablarda mavjud bo‘lgan, amaldagi darsliklardan foydalaniladi.

Darsliklarni tayyorlashda xorijiy mualliflar tomonidan yaratilgan zamonaviy darsliklarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha Cambridge University Press nashriyotining o‘quv-metodik majmualari tajribasidan foydalanildi. Xususan, Ingliz tili (1-11-sinflar uchun) darsliklari to‘liq komplektatsiyada moslashtirildi va nashrga tayyorlandi.

Ta’lim tili rus bo‘lmagan sinflar uchun 2–11 sinf rus tili darsliklari, o‘qituvchi kitobi hamda mashq daftarlari, jami 25 nomdagi adabiyotlarning original maket loyihasi Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan tayyorlandi. Shuningdek, nemis tili o‘qitiladigan sinflarda joriy yilda Germaniyaning “Klett” nashriyotining 11 nomdagi Nemis tili darsliklari amaliyotga kiritiladi.

Yangi avlod o‘quv-metodik majmualarini yaratishga 325 nafar muallif, xususan, 133 nafar amaliyotchi o‘qituvchi, 19 nafar metodist va 56 nafar olimlar jalb etilgan. Shuningdek, darsliklarni tayyorlash jarayonida 45 nafar muharrir, 53 nafar musahhih, 19 nafar rassom, 15 nafar dizayner hamda 19 nafar sahifalovchi faoliyat olib bordi.

Darsliklar shakl va mazmun jihatidan butunlay o‘zgargan va bu o‘zgarishlarda xalqaro miqyosda tan olingan rivojlangan davlatlar darsliklarining yutuqlari inobatga olingan. Eng muhimi, maktablarimizga yangi darsliklar orqali yangi metodika – o‘qitish yondashuvi kirib bormoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, tarix fani darsliklarida formatsion yondashuvdan sivilizatsion yondashuvga o‘tildi. Natijada, o‘quvchi nima, qachon, qayerda savollaridan ortib, nega, qanday qilib, nima sababdan kabi savollar atrofida mulohaza yuritadi.

Matematika fanida arifmetik amallardan ko‘ra, o‘quvchida mantiqiy tafakkurni rivojlantirish metodikasiga o‘tilmoqda. Natijada o‘quvchi olgan bilimlarini hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lay oladi. Ona tili fani va o‘qish savodxonligida muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsad qilingan bo‘lsa, Tasviriy san’at fani darsliklari bilan o‘quvchilar endilikda kompyuter grafikasida ishlashni o‘rganadi.

Tabiiy fanlar — Biologiya, Kimyo, Fizika fanlarida laboratoriya, kuzatuv, muammoga yechim topish, loyihalarni amalga oshirish, namoyish qilish kabi o‘quvchida tadqiqotchilik, olimlik xususiyatlarini rivojlantiruvchi metodikalar joriy qilinmoqda.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA