Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi asarlarga munosib baho berish barcha adabiyotshunoslarning ham qo‘lidan kelavermaydi
17:05 / 2022-02-24

Adabiy tanqid – badiiy asarni tezkor tahlil etish, unga xolis va haqqoniy tashxis qo‘yish, demakdir. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Adabiy tanqid kengashining faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov va boshqalar adabiy tanqidchiligimiz bevosita ulug‘ shoir bobomiz Alisher Navoiy ijodi bilan bog‘liq ekanini, bu jihatlar uning «Majolis un nafois» asarida, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida o‘z ifodasini topganini ta’kidladi.

Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov ijodida ham adabiy tanqidchilik ustuvor o‘rin egallashi so‘z san’ati ixlosmandlariga yaxshi ma’lum.

Adabiy tanqidchilik borasidagi an’analar bugungi kunda ham davom etmoqda. Keyingi yillarda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan munaqqidlarni tarbiyalash, ularning adabiy tanqid yo‘nalishidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning «Maoniy ahlining sohibqironi» asari 2021 yilda o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi asari» tanlovida adabiy tanqid yo‘nalishi bo‘yicha mukofotga loyiq deb topildi.
Yig‘ilishda adabiy tanqidga doir kitoblar to‘g‘risida filologiya fanlari doktori Suvon Melining, adabiy nashrlarda e’lon qilingan adabiy-tanqidiy maqolalar haqida filologiya fanlari doktori, professor Ilhom G‘aniyevning, mumtoz adabiyotga doir kitoblar va maqolalar xususida filologiya fanlari doktori Zebo Qobilovaning ma’ruzalari ishtirokchilarda  katta qiziqish uyg‘otdi. 

Shu bilan birga internet nashrlarida e’lon qilingan adabiy tanqidga doir maqolalar haqida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sa’dulla Quronovning ma’ruzalari tinglandi.

– Badiiy adabiyot paydo bo‘libdiki, unga munosabat bildirib kelinadi, – dedi adabiyotshunos olim Suvon Meliyev. – bugungi kunda adabiy tanqidchilik jiddiy oqsayotgani rost. Garchi adabiyotshunoslikka oid ko‘plab kitoblar, monografiyalar, risolalar, tahliliy maqolalar nashr etilayotgan bo‘lsada, adabiyotimizda xolis adabiy tanqidga ehtiyoj hamon baland ekani  yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Yangi asarga professional baho berish barcha adabiyotshunoslarning ham qo‘lidan kelavermaydi. 

O‘tgan yili davomida o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga doir 30 ga yaqin monografiya va risolalar, 500 ga yaqin adabiy-tanqidiy maqolalar nashr etilgan. 

«Sharq yulduzi», «Jahon adabiyoti», «Tafakkur», «O‘zbek tili va adabiyoti», «Yoshlik» jurnallari, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Kitob dunyosi», «Hurriyat» kabi gazetalarda nashr etilgan adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidga doir maqolalar tahlil etildi. 

«Xurshid Davron kutubxonasi», ziyouz.com, oyina.uz kabi internet saytlaridagi adabiy-tanqidga oid materiallar batafsil muhokama etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA