Buxoro viloyati Jondor tumanida davlat arxivining yangi binosi ochildi.
Ma’lumki, Jondor tuman davlat arxivi 2008 yil 1 fevralda tashkil etilgan. Shu yildan boshlab arxiv faoliyati rasmiy huquqiy asosda yo‘lga qo‘yilib, dastlab 5 shtat birligidan iborat jamoa ish boshlagan edi.

Arxiv faoliyati yillar davomida izchil kengayib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 26 avgustdagi qaroriga muvofiq, arxivga yangi binolar ajratilib, 2011 yilga kelib foydalanishga topshirildi. 2019 yilda esa mavjud hujjatlar Jondor tuman sanoat kasb-hunar kolleji yotoqxonasiga ko‘chirilib, arxiv saqlovi davom ettirildi.

Yangi binoga ko‘chish esa arxiv faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. “O‘zarxiv” agentligi va Adliya vazirligining ko‘magi, Buxoro viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamda mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan bino kapital ta’mirdan chiqarildi, zamonaviy temir javonlar, skaner uskunalari, mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi. Bino xavfsizligi uchun derazalarga tashqi tomondan temir panjaralar o‘rnatildi.

Bugungi kunda Jondor tuman davlat arxivida 1930 yildan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga oid hujjatlar saqlanmoqda. Ular o‘zbek va rus tillarida, arab, lotin hamda kirill alifbolarida yozilgan bo‘lib, hujjatlar orasida tarixiy, ilmiy va amaliy ahamiyatga molik nodir manbalar ham mavjud.
Arxiv faoliyati faqat saqlash bilan cheklanmay, ilmiy-texnik qayta ishlov, raqamlashtirish, elektron qidiruv tizimini yaratish, aholiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda bu boradagi rejalar belgilangan ko‘rsatkichlardan ortiq darajada bajarildi.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan Jondor tuman davlat arxivi yanada kengroq imkoniyatlarga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA