Hujjatsiz tarix, tarixsiz esa davlat va jamiyat bo‘lmaydi. Millat o‘z o‘tmishini qanday asrasa, kelajak unga shunday mukofot beradi. Binobarin, mamlakatimizda kelajak avlod uchun bebaho merosni saqlash, arxiv ishini takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatobod tumanida qurilayotgan Yangi Namangan shaharchasi hududida bunyod etilgan Namangan viloyati davlat arxivining zamonaviy binosi arxiv ishlarini zamonaviy bosqichga olib chiqish, tarixiy hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatga molik voqea bo‘ldi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi arxiv tizimi mutasaddilari va faol yoshlari, soha faxriylari, “Nuroniy” jamg‘armasi faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘ziga xos bilim va tarix markazining taqdimotida Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, respublika Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov ushbu xayrli tashabbus tarixiy merosni asrash va kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi doimiy e’tiborining amaliy ifodasi ekanligini ta’kidladi.


Yangi bino so‘nggi texnologiyalar asosida 19 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etilib, unda 600 mingdan ortiq arxiv hujjatlarini xavfsiz saqlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Binoda iqlim nazorati tizimi, yong‘inga qarshi ilg‘or vositalar, raqamlashtirish xonalari, zamonaviy kutubxona va foydalanuvchilar uchun qulay o‘quv zallari mavjud. Raqamlashtirish jarayoni esa sohada shaffof va qulay xizmat ko‘rsatish imkoniyatini bermoqda.

Namangan viloyati davlat arxivlari bugungi kunda bir million saqlov birligidan ziyod arxiv hujjatlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, ular nafaqat viloyat, balki O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, siyosiy voqealari va madaniy merosiga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur hujjatlar 1917 yildan boshlab jamlangan bo‘lib, mintaqaning o‘tmishi haqida to‘liq va ishonchli manba hisoblanadi.

Yangi arxiv binosi arxivshunoslar uchun “9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni” hamda “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganining 15 yilligiga o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.