English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Andijonda Navro‘z shodiyonalari
13:48 / 2024-03-21

Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan Yangi Andijon shahrida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida andijonliklar Navro‘z bayramini katta shodiyona bilan nishonladi.

Erta tongdan yangragan karnay-surnay sadolari, Dehqon bobo, Navro‘zoy va milliy libosdagi jarchilar barchani Navro‘zi olam bilan muborakbod etib, bayram shodiyonalariga chorladi.

Yangi Andijon hududida viloyatning har bir tuman, shahar, boshqarma, korxona va tashkilotlari, muassasa va mahallalari tomonidan o‘ziga xos maydon va sahnalar tayyorlanib, bayramona, bahoriy tarzda bezatildi.  

[gallery-16537]

Keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar, xorijlik sayyohlar ishtirokida xalq sayli tarzida o‘tgan bayram shodiyonalari barchaga xush kayfiyat ulashdi.  

Bayram tadbirida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov  ishtirok etib, andijonliklar, tadbir mehmonlarini xalqimizning qadim va navqiron bayrami – Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi. 

–  Ona Vatanni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy bayramidir, – dedi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. Shuning uchun ham ushbu qutlug‘ ayyomni har bir xonadon, har bir oila ulkan orzu-niyatlar bilan kutib olmoqda.

Bahoriy taomlar, milliy va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, teatr jamoalari, turli ansambllar, dorbozlar, askiyachilar, sportchilar, jajji bolajonlarning chiqishlari bayram tantanalariga o‘zgacha fayz kiritdi.

Andijon adirliklaridagi Navro‘z bayrami shodiyonalari milliy qadriyatlarimiz aks etgan holda o‘tkazilganligi bayramga o‘zgacha tarovat va shukuh bag‘ishladi.  

–  Navro‘z shodiyonalarida milliy qadriyat va an’analarimiz tarannum etilmoqda, – deydi Shahrixon tumanidagi 53- ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston Qahramoni Kamoliddin G‘opirov. – Xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalari, sho‘x qo‘shiq va laparlar bahorni, Navro‘zni sog‘ingan dillarga xushnudlik baxsh etdi.

Navro‘z bayrami sahnasida yurtimiz san’atkorlari, mashhur estrada xonandalari ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.

– Tobora yuksalib, obod bo‘lib borayotgan yurtimizga faqat bayramlar yarashadi, – deydi mehnat faxriysi To‘lqinjon Siddiqov. – Bugungi bayramda men kabi ko‘plab faxriylar ishtirok etmoqda. Ochig‘i, bayramda qiziqchi va  san’atkorlarning chiqishlaridan miriqib dam oldik. Tinch va farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.

Navro‘z sayli tadbirlarida viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, ijro etilgan sho‘x kuy va qo‘shiqlar tadbir mehmonlarini befarq qoldirmadi.  

Tuman va shaharlar mahallalari jamoalarining milliy liboslar va bahoriy taomlar ko‘rgazmalari, doshqozonlarda tayyorlangan sumalak, palov yurtimizdagi to‘kinlik, fayz-u barakaning nishonasi bo‘ldi. Mahallalarda tashkil etilgan folklor jamoalari, onaxonlar tomonidan ijro etilgan yor-yor va laparlarni mehmonlar olqishlar bilan kutib oldi.

Viloyat tashkilotlari, ayniqsa, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari tomonidan tayyorlangan sahna kompozitsiyalari, o‘ziga xos chiqishlar barchada katta taassurotlar qoldirdi.

–Mamlakatimiz mashinasozlik tizimi uchun minglab malakali mutaxassislar tayyorlayotgan jamoamiz bu yilgi yangilaninsh, yasharish ayyomi – Navro‘zni o‘zgacha shukuh, ko‘tarinkilik bilan nishonladi, – deydi Andijon mashinasozlik instituti rektori, professor Umidjon Turdialiyev. – Ayniqsa, Yangi Andijonda o‘tkazilayotgan bayram shodiyonasi qalblarimizga unutilmas taassurotlarni muhrlamoqda. Ishonamanki, ana shu ko‘tarinkilik, bayram shukuhi nafaqat bizni, balki butun andijonliklarni yil davomida tark etmaydi.

Bayram shodiyonalarida viloyatda yashayotgan turli millat vakillari ham ishtirok etib, o‘zlarining urf-odat va an’analarini namoyish etdi.

– Mening millatim qirg‘iz bo‘lsa-da, o‘zimni O‘zbekiston farzandi, deb bilaman, o‘zimni shu yurtdan ayro tasavvur qila olmayman, – deydi O‘zbekiston Qirg‘iz milliy-madaniy markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Obidjon Nosirov. – Bugungi Navro‘z bayrami tantanalarida ishtirok etayotganimdan behad mamnunman. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning quvonchini ko‘rib, ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. Eng muhimi, yurtimiz tinchligi, millatlararo do‘stligimizga ko‘z tegmasin.

Tuman, shaharlar vakillari, boshqarmalar, mehnat jamoalari tomonidan tayyorlangan milliy taom – palov, sumalak bayram ishtirokchilari va mehmonlarga ulashildi.

Umumxalq sayli shaklida o‘tgan Navro‘z shodiyonalari andijonliklar ruhiyati va kayfiyatini ko‘tarish bilan birga, ularning qalbida shukronalik, mehr-oqibat, ezgulik, qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.  

Navro‘z bayrami shodiyonalari Andijonning barcha tuman va shaharlarida, mahallalarida yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari