Andijon dunyo miqyosida aholi zichligi jihatidan birinchilar qatorida. Bu yerda yangi uy-joy qurish uchun yer tanqis. Shuning uchun ham “Yangi Andijon” shaharchasi bunyod etishga qir-adirlar tanlandi. 57 gektar maydonda joylashgan bu uylar poydevoriga dastlabki beton qorishmasi quyilganiga atigi bir yil bo‘lmoqda. Ammo hozirgacha o‘nlab bir-biridan go‘zal binolar qad rostladi. Bu birinchi, dastlabki bosqich.
– “Yangi Andijon” shahrining umumiy maydoni 4 ming gektardan iborat. Bu yerda nafaqat ko‘p qavatli turar joy binolari, balki universitetlar, ijtimoiy soha, ya’ni, maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxona, poliklinikalar va shunga o‘xshash aholiga hizmat ko‘rsatuvchi bino va inshootlar barpo etiladi, – deydi “Yangi Anjidon” qurilish direksiyasi direktori Azizbek Omonov. – 4 ming gektar maydonda 500 mingdan ortiq aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 125 ming dona ko‘p qavatli kvartiralar qurishni rejalashtirganmiz.
Hozir o‘sha 57 gektar maydonda 192 ta uy, 5084 ta xonadon bunyod etilyapti. Ularning 80 foizini mahalliy va 20 foizini xorijiy mutaxassis va investorlar qurishmoqda.

– “Yangi Andijon” massivida 2 ta 7 qavatli turar joy binosi quryapmiz. Har bitta uyimizda 28 tadan xonadon bor. Hozirgi kunda so‘nggi pardozlash ishlari ketyapti, – deydi “Ko‘xinur madad hamroh” MCHJ ish yurituvchisi Abdulaziz Abdulazizov. – Bu uylarimiz yangicha uslubda qurilgan bo‘lib fundamentdan tortib to oxirigacha monolit beton va armaturadan iborat. Shuning uchun bu binolarimiz zilzilaga bardoshli va mustahkam. Yangi qurilayotgan uylarimizga 40 foiz haridorlarimiz bor. Hozirda ular bilan shartnoma tuzish ishlari olib borilyapti.
“Yangi Andijon”ning dastlabki bosqichi massivida uy-joylar bilan bir vaqtda ijtimoiy inshootlar ham qurilmoqda. Maktab binosi, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari hamda maktabgacha ta’lim muassasasi tayyor holatda. Ularning yana bir jihati shundaki, masalan bolalar bog‘chasida tarbiyaning eng interfaol uslublari uchun imkoniyatlar yaratilgan.
Umuman “Yangi Andijon” shaharchasida qurilish sanoatining jahon ilg‘or tajribasi qo‘llanilyapti. Masalan, yo‘llar bir ko‘rinishda oddiy asfaltlangandek. Lekin, aslida unday emas. Asfaltning ostki qatlamiga beton qoplangan. Bu esa uning foydalanish muddatini 4-5 barobarga uzaytiradi, yo‘l hamisha sifatli saqlanadi.

Yoki, shaharcha uy-joy kommunikatsiyalarining barchasi yer osti tunellaridan o‘rin olgan. Bunday tajriba Andijonda birinchi bo‘lib joriy etilmoqda.
– Yer osti kommunikatsiyasi oqava suv tizimi, ichimlik suvi, 2 dona issiq suv tizimini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari chap tomonda elektr kabellari, internet uchun optik kabel shularning hammasini o‘z ichiga olgan holatda xizmat ko‘rsatadi.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, beton tunellar ustida piyodalar yo‘lagi joylashgan. Yo‘lak plitalari aynan beton asosga egaligi uchun tekis hamda mustahkamdir.
Suv, suvoqava, elektr tarmoqlarining yer ostiga o‘tkazilishi endi ularga xizmat ko‘rsatishda qulaylik yaratadi, xizmat muddatini uzoqlashtiradi, ta’mirlash zarur bo‘lganda ko‘chalar qazilmaydi. “Yangi Andijon” ekologik jihatdan eng qulay shahar bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YqwJwxbfyYg" title="“Янги Андижон” – Янги Ўзбекистоннинг ташриф қоғози" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Massivimizning old qismida 116 gektar maydonda pavloniyazor, ya’ni yashil hududlar tashkil qilganmiz. Bu esa aholi salomatligini tiklash, yoki kunlik badantarbiya bilan shug‘ullanish uchun juda ham keng imkoniyat beradi.
Yuqorida “Yangi Andijon” qurilishida xorijiy investorlar ham ishtirok etayotganini aytgan edik. Ulardan biri Turkiyaning “Business House” kompaniyasidir.
– “Yangi Andijon”ni mega loyiha deyish mumkin. Amaliyotda bunday yaxlit va ulkan uy-joy massivi barcha davlatlarda ham qurilavermaydi. Bizning kompaniya bu yerdan beshta uy olgan. To‘rttasi tayyor. Hozir yana bittasini tugallayapmiz. Biz bu yerda uyni eng ilg‘or texnologiyalar asosida temirbeton karkasli usulda quryapmiz, – deydi kompaniya ish yurituvchisi Isrofil Chelik. – Ayni kunlarda yana 2 ta ko‘p qavatli uy qurilishini boshlaymiz.
Ko‘p marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, deganlaridek Andijonga keling. “Yangi Andijon” Yangi O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylanganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA