Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi Andijon” qurilishi davom etmoqda
16:21 / 2022-01-23

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Yangi Andijon shahridagi qurilish jarayonlari,  amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Ma’lumki, Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga avvalgi yillardagi  tashrifi chog‘ida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali tobora o‘sib borayotgan aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash borasida qator vazifalar belgilab bergan edi. 

Andijon viloyatida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida o‘tgan yili Andijon tumani adirliklarida 440 mingga yaqin aholi yashashi mumkin bo‘lgan “Yangi Andijon” shahrini barpo etishga kirishildi.  Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 144 gektar maydonida turar-joylar qad rostlaydi. Shuningdek, 215 gektar maydonda savdo, 240 gektarda xizmat ko‘rsatish, 76 gektarda sanoat, 1 ming 942 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 364 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi.

“Yangi Andijon” loyihasi 8 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 3 ming 310 xonadonli 170 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shuningdek, hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajariladi. 

Ayni kunda birinchi bosqich doirasidagi qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Ana shu ishlar bilan tanishish davomida viloyat hokimi quruvchilar va mutasaddilar bilan muloqotda bo‘ldi, ularga qurilish jarayonlari yuzasidan zarur taklif, tavsiya va topshiriqlar berdi.

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat),

O‘zA