Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida qishloq xo‘jaligining yangi va samarali yo‘nalishlaridan biri — o‘rdakchilikni rivojlantirish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi. Shu maqsadda tuman hokimi Komiljon Mullajanov tashabbusi bilan Oqqo‘rg‘on tumanidagi «O‘rdakchilik» markazida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda bandlik, qishloq xo‘jaligi va mahalla tizimi xodimlari, shuningdek, o‘rdakchilikka qiziqqan, ishsiz va kam daromadli aholi vakillari ishtirok etishdi. Seminarda Pekin o‘rdagini parvarish qilish orqali qisqa vaqtda barqaror daromad shakllantirish imkoniyatlari, suv resurslari va zovurlardan samarali foydalanish usullari keng muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan o‘rdaklarni boqish, ozuqa tanlash, kasalliklarni oldini olish hamda mahsulot sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy biznesni rivojlantirish va daromad manbalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ilmiy izlanishlar Pekin o‘rdagining tez o‘sishi, go‘shtdorligi va yuqori tuxumdorligi uni iqtisodiy jihatdan jozibador parranda turiga aylantirayotganini tasdiqlamoqda. Bu esa mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bozorda raqobatbardoshligini oshirish, aholi farovonligini yaxshilash va kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Oqqo‘rg‘on tajribasi shunchaki amaliy ish emas, – deydi «O‘rdakchilik» markazi rahbari Jasur Qodirov. – U nafaqat parrandachilik, balki o‘rdakchilik sohasini rivojlantirishda ham katta o‘rin tutadi. Kelib chiqishi sharqiy va janubi-sharqiy Osiyoga borib taqaladigan Pekin o‘rdaklarining narlari 2 kilogrammgacha, modalari esa 1,75 kilogrammgacha vaznga yetadi. Tuxum vazni o‘rtacha 65 gramm bo‘lib, oziqaviy jihatdan tovuq tuxumiga nisbatan foydali hisoblanadi. Faoliyatni yo‘lga qo‘yganimizga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, markazimizda 7 mingdan ortiq o‘rdak parvarishlanmoqda. Shuningdek, Oqqo‘rg‘onda o‘rdakchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarolarga 100 metrlik ochiq zovur biriktirilib, hududlar o‘raldi va har bir xonadonga 100 tadan o‘rdak tarqatildi. Hozirda ulardagi qushlar soni keskin ortib bormoqda. Bu oilalar daromadini ko‘paytirish va dasturxonlar to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Seminar davomida Sirdaryodan tashrif buyurgan ishtirokchilar «O‘rdakchilik» markazi mutaxassislari bilan birga ochiq zovur bo‘yidagi parvarish jarayoni bilan tanishib, tajriba almashdilar.
Shundan keyin Oqqo‘rg‘onning tajribali mutaxassislari ishtirokida Sayxunobod tumanidagi Gulbo‘loq va Baxmalsoy mahallalarida o‘rdakchilikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, samarasiz foydalanilayotgan ochiq zovurlardan oqilona foydalanish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
– Aslida bu yo‘nalish katta sarf-xarajat talab qilmaydi, – dedi tuman hokimi Komiljon Mullajonov. – Mavjud imkoniyatlar yetarli. Faqat ishni tizimli yo‘lga qo‘yish lozim. Eng muhimi, o‘rdaklar qishki sovuq va yozgi issiqqa chidamli, kasallikka esa boshqa parrandalarga nisbatan kam uchraydi. Ozuqa sifatida sholi qipig‘i, qamish kabi tabiiy yemishlar yetarli bo‘ladi. Bu esa resurslarni tejash va xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi. Ko‘rinib turganidek, aholi ushbu tashabbusni katta qiziqish bilan qabul qilmoqda.

Seminar ishtirokchilari Oqqo‘rg‘ondagi ochiq zovurlar bo‘yida o‘rdak parvarishi jarayoni bilan yaqindan tanishdilar, mutaxassislar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Keyin Sayxunobodning Gulbo‘loq va Baxmalsoy mahallalarida o‘rdakchilikni tashkil etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu hududlarda loyihaning dastlabki ishlari boshlab yuborildi.
Mutaxassislar aholiga o‘rdaklarni to‘g‘ri parvarish qilish, suv resurslaridan tejamkor foydalanish, mahsulot sifatini oshirish va bozorga chiqish imkoniyatlari haqida muhim tavsiyalar berdilar.
Sayxunobodda o‘rdakchilikning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat aholi daromadining o‘sishiga, balki tumanda kichik agrobiznesning yangi turi shakllanishiga xizmat qiladi. Bozorda o‘rdak go‘shti va tuxumiga talab ortib borayotgan, oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb bo‘lgan bu paytda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish ayni muddao.
– Agar loyiha kengaytirilsa, kelgusida oilaviy fermalar soni ko‘payishi, qayta ishlash korxonalari ochilishi, «Sayxunobod o‘rdaklari» nomi bilan mahalliy brend shakllanishi ehtimoli yuqori, – deya ta’kidladi Komiljon Mullajonov.
Sayxunobodda Pekin o‘rdaklari asosida boshlangan ushbu tashabbus tuman aholisi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar, barqaror daromad va kichik tadbirkorlikni rivojlantirishning samarali namunasiga aylanishi shubhasiz. Seminar davomida mutaxassislar ham bu fikrni qo‘llab-quvvatladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri