Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Afg‘oniston integratsiyalashuvi jahon nigohida
13:33 / 2022-07-27

Afg‘oniston o‘tgan asrdagi sovuq urush, XXI asrdagi ichki ziddiyat va fuqarolik urushlari natijasida tinka-madori qurigan, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi batamom izdan chiqqan qashshoq davlat sifatida ayni payt og‘ir iqtisodiy-siyosiy yo‘lni bosib o‘tmoqda.

O‘zbekiston har qanday vaziyatda xalq manfaatidan kelib chiqib, betaraf pozitsiyasida turib savdo-iqtisodiy, transport, logistika, energetika sohalarida jon qo‘shnisi Afg‘onistonni mintaqaviy munosabatga jalb etishga harakat qilib kelmoqda.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik munosabat 1992 yil oktyabrda o‘rnatilgan. O‘zaro hamkorlik natijasida 2011 yili O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida birinchi marta “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 75 kilometrlik “Hayraton – Mozori Sharif” temir yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatlar bilan “Qo‘shning tinch - o‘zing tinch” naqliga amal qilgan holda hamkorlikni izchil rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, afg‘on mojarosini hal etish va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani qayta tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirish borasida so‘nggi yillarda yetakchilik qilmoqda.

Shu bois Markaziy Osiyo strategik va iqtisodiy imkoniyatlar mintaqasiga aylanmoqda. Binobarin, 2018 yil Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” Toshkent xalqaro konferensiyasi ayni shu maqsadni ko‘zlagan edi. 

Mazkur konferensiya davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti  Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir, deya xalqaro hamjamiyatga qilgan murojaatining amaliy isboti bo‘lgan edi.

2021 yil 17 sentyabrda o‘tkazilgan «SHHT — Afg‘oniston» formatidagi uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining gumanitar halokat va qochqinlar oqimi o‘sishi oldini olish uchun Afg‘onistonning chet el banklaridagi davlat aktivlaridan to‘siqni olib tashlash zarurligini qayd etishi esa qo‘shni davlatni qo‘llab-quvvatlashining xalqaro maydondagi yana bir diplomatik-pragmatik ko‘rinishi bo‘ldi.

Tabiiyki, Afg‘onistonning hozirgi rahbariyati ham O‘zbekistonning tinchlik jarayonidagi jonbozligini tan olishini amaliy hamkorlikda namoyon qilib kelmoqda.

Joriy yil 2 fevral kuni poytaxtimizda O‘zbekiston – Afg‘oniston - Pokiston o‘rtasidagi “Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘lini qurish bo‘yicha qo‘shma harakatlar “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi hamkorligimizni yangi pog‘onaga olib chiqdi.

Yetuk iqtisodchi olimlar tahliliga ko‘ra, taxminan 600 km uzunlikdagi temir yo‘l mintaqa taraqqiyotini tezlashtiradi. Shuningdek, Afg‘oniston va Pokistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qoplash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mavsumiy ortiqcha elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi “Surxon — Puli-Xumri” yuqori quvvatli uzatish liniyasi va CASA-1000 energiya loyihasi qurilishi temir yo‘l uchastkalarini qurish xarajatlarini kamaytirishi istiqbolli, deb topilmoqda.

Kelgusida temir yo‘lni elektrlashtirish istiqboli istisno etilmaydi va bu yuk tashish iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Hozir Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston xalqaro dengiz portlariga bevosita chiqish imkoniga ega emas. Shu bois jahon bozoriga chiqish uchun yaqin yo‘l yo‘qligi tufayli yuqori saldoli transport va tranzit xarajatiga duch kelinmoqda, dengizga chiqish ushbu imkoniyatga ega mamlakatlarga nisbatan 2-3 barobar qimmatga tushmoqda. Ketayotgan ortiqcha vaqt esa eksportchi davlatlar mahsuloti sifati tushmasligi va birjadagi narx salbiy ta’sirga uchramasligini kafolatlamaydi. Bunday sharoitda “Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘li qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari o‘rtasida Markaziy Osiyo orqali yuk tashishga sarflanadigan vaqt bilan qiymatning sezilarli o‘lchovlarini taqdim etadi.

Agar «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li ishga tushsa, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston temir yo‘llari orqali Janubi-sharqiy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida yuk tranziti o‘sadi, eksport hajmi kengayadi, invesstitsiya jalb etilib, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etiladi, ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi.

O‘tgan davrda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Afg‘oniston temir yo‘llarida yuk tashishning yillik o‘sish sur’ati 25 foizni tashkil etib, 2020 yil 4 million tonnani ko‘rsatdi. Bu Afg‘onistondagi iqtisodiy tiklanishning yuqori ijobiy sur’atidan dalolat. Ma’lumotga ko‘ra, «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li ishga tushgach, dastlabki yillarda ushbu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetishi mumkin.

Yaratilayotgan yangi temir yo‘l yo‘nalishi xalqaro savdo-iqtisodiy barqaror rivojlanishga ko‘maklashadi, ko‘plab mamlakatlar aholisi turmush darajasini yaxshilash uchun mustahkam platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bunday yirik xalqaro temir yo‘l tarmoqlari mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish barobarida tinchlik karvon yo‘lini tashkil etish, hududda to‘liq barqaror nazorat o‘rnatish va turizm, savdo infratuzilmasini keng ko‘lamda takomillashtirishga asos bo‘ladi.

Olib borilgan izchil diplomatik muloqot samarasi kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan konferensiyada yana bir bor aks etdi. Anjumanda transport-kommunikatsiya sohasidagi loyihalar, xususan, O‘zbekiston – Afg‘oniston - Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasi asosiy masalalardan biri sifatida ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yaqin qo‘shnimiz - Afg‘oniston temir yo‘llariga barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani o‘zaro manfaatli aloqa davomiyligini tasdiqladi.

Bundan tashqari xalqaro ekspertlar tomonidan transport-kommunikatsiya tizimida uzoq muddatli ishonchli hamkorlikni yanada rivojlantirish va O‘zbekistonda afg‘on yoshlari ta’lim darajasini oshirish, ayollar huquqlarini ta’minlash va boshqa ijtimoiy dolzarb masalalarda istiqbolli takliflar berildi.

Ushbu xalqaro muloqot “Tolibon”ga o‘z hukumatining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi yo‘lida integratsiya maydoniga ega bo‘lish imkonini taqdim etadi.

Muxtasar aytganda konferensiya jahon hamjamiyatini Afg‘onistonga Markaziy va Janubiy Osiyoga xavf yoki tahdid solayotgan davlat emas, ikki mintaqani o‘zaro tutashtiradigan ko‘prik sifatida qarashga chorladi.  Belgilangan chora-tadbirlar yarim asrdan beri boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, qariyb 20 million aholiga ega strategik hududni tinchlik yo‘liga boshlash, Markaziy Osiyo va Yevropada tinchlik-barqarorlikni ta’minlash va mintaqada yirik sanoat ishlab chiqarish ob’ektlari tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda narx-navo barqarorligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiyeti rektori