English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi aeroport mamlakatimizni mintaqaviy aviatsiya markaziga aylantiradi
22:21 / 2025-10-20

O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti hamda mazkur majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimdagi ishtiroki xususida fikr yuritildi.

Ta’kidlanganidek, Toshkent viloyatida 1300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlandi. Loyiha to‘rt bosqichdan iborat bo‘lib, 2,5 milliard dollar qiymatga ega birinchi bosqichda aerovokzal va aerodrom barpo etiladi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Hamkorlar sifatida Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” savdo uyi va Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” tanlangan. Shuningdek, aeroport Singapur, Dubay va Seul kabi yirik avia xablar qatoriga kiritilishi kutilmoqda.

Loyiha mamlakatimizni mintaqaviy aviatsiya markaziga aylantirishga xizmat qiladi va kelgusi 5 yilda aviapark 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, reyslar soni yiliga 200 mingtaga yetkaziladi.

Deputatlar aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qilish va soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyasini amalga oshirish imkoniyatiga egaligi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Ob’ekt to‘liq qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan ta’minlanishi hamda mamlakatimizdagi birinchi 100 foiz yashil energiyada ishlovchi aeroportga aylanishi O‘zLiDeP saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalarga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etildi. 

Yig‘ilishda bir qator qonun loyihalari muhokamadan o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA