Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yandeks taksi haydovchilari ham subsidiya va ipoteka kreditidan foydalana oladi
12:12 / 2023-08-12

Joriy yil 13 aprelida davlatimiz rahbarining “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida ipoteka krediti uchun subsidiyaga arizalar 2023 yil 1 maydan qabul qilinishi boshlandi.    

Bugungi kunda ipoteka kreditlari asosida subsidiya berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Shu sababli ko‘pchilik yurtdoshlarimizdan subsidiya bilan bog‘liq savollar kelib tushmoqda.  

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ipoteka va uy-joy dasturlarini shakllantirish, sohani rivojlantirish va moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Nig‘matovning ma’lum qilishicha, endilikda mazkur farmonda rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ham ipoteka krediti ajratilishi nazarda tutilgan. Misol uchun, endilikda Yandeks taksi haydovchilari ham subsidiya va ipoteka kreditidan foydalana oladi. Bundan tashqari, mavsumiy yollanma ishchilar ham to‘lov qobiliyatlarini asoslab, ipoteka krediti olishlari mumkin.  

Subsidiya ajratishga doir arizalar 2023 yil 1 maydan qabul qilinib, 2023 yil 1 dekabrgacha davom etadi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish mumkin.  

Davlat xizmatlari markaziga kelib ariza bilan murojaat etganda markaz xodimi ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda Nizomga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun anketa-arizani elektron tarzda to‘ldiradi. Zarur hollarda ariza beruvchining alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlar Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga taqdim etiladi. Ariza beruvchidan yuqorida ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni hamda anketa-arizada qayd etilgan ma’lumotlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.  

Subsidiya o‘rnatilgan tartibga ko‘ra bir oilaga bir marta beriladi. Endilikda subsidiya xabarnomasi berilgan vaqtdan boshlab 4 oy davomida amal qiladi. Agar fuqaro barcha talablarga to‘g‘ri kelsa-yu, lekin joriy yil uchun subsidiya soni tugagan bo‘lsa, fuqaroga rad etish to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma olgan talabgorlar subsidiya olish uchun umumiy tartibda qayta ariza berishi mumkin.  

Shuningdek, mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish to‘g‘risidagi arizani uning oila a’zolari notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma asosida berishi mumkin. Davlat xizmatlari markazi va YAIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar va markaz tomonidan tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborish orqali ma’lumotlarga aniqlik kiritish to‘lovlarsiz (bepul) amalga oshiriladi.  

Yana bir ma’lumot: subsidiya olishda mas’ul tashkilotlar ariza beruvchini ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholaydi.  

Mas’ul tashkilotlar yetti ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqadi va YAIDXPda onlayn elektron shaklda quyidagi ma’lumotlarni aniqlaydi.  

Ya’ni, tibbiyot birlashmasi — ariza beruvchi va uning oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning, yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan ayollarning mavjudligini tekshiradi. Davlat soliq inspeksiyasi — soliq to‘lovchining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR) bo‘yicha ariza beruvchi va oila a’zosi sifatida keltirilgan shaxslarning daromadlarini aniqlaydi.  

Bunda davlat soliq inspeksiyasidan ariza beruvchi va oila a’zolarining daromadlari bo‘yicha ball berilmagan taqdirda, ariza boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmaydi va avtomatomat ravishda subsidiya ajratishni rad etish bo‘yicha komissiya kotibiga yuboriladi.  

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi — ariza beruvchining «Labor — migration» dasturida ro‘yxatdan o‘tgani hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganini (oshirganligini), Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi — ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘i va turmush qurmagan farzandlarining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida mulk huquqi bilan turar joyning mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi.  

Tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari — ariza beruvchining og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashgan muhtoj onalar toifasiga mansubligini, yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi — ariza beruvchining alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligini (mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasiga asosan) tekshiradi. Tuman (shahar) hokimligi — ariza beruvchining «Mehr daftari»ga kiritilgan yoki undan chiqarilgan 30 yoshdan oshmagan yoshlar toifasiga mansubligini tasdiqlaydi.  

Subsidiya olish uchun yuborilgan arizalarni Komissiya tomonidan baholash natijalarini ko‘rib chiqish tartibi esa kuyidagicha:  

Komissiya kotibi mas’ul tashkilotlar tomonidan kiritilgan xulosalarni 3 kun ichida arizalarni navbat asosida ularning qayd etilishi ketma-ketligiga muvofiq ko‘rib chiqib, yakuniy xulosa beradi. Komissiya kotibi mas’ul tashkilotlar tomonidan kiritilgan xulosalarni ko‘rib chiqish mobaynida mas’ullar tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilganini aniqlagan taqdirda, tegishli mas’ulga qayta ko‘rib chiqish uchun yo‘naltiradi. Komissiya raisi kotib tomonidan kiritilgan ijtimoiy mezonlar yuzasidan baholash natijalariga asosan ariza beruvchiga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etishni elektron (ERI orqali) shaklda tasdiqlaydi.  

Subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida komissiya elektron reyestrni yuritadi hamda ushbu reyestr tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limida uch yil mobaynida saqlanadi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida elektron tasdiqlangan QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan qaror tegishli tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi. Ushbu xabarnoma Davlat xizmatlari markazi tomonidan bir ish kunida ariza beruvchiga yuboriladi. Bundan tashqari YAIDXP orqali ariza beruvchiga «SMS» xabar yuboriladi. YAIDXP orqali elektron shaklda murojaat etilganda, komissiya tomonidan subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma elektron shaklda ariza beruvchiga yuboriladi.  

Bugungi kunda ko‘pchilik fuqarolardan uy-joy uchun subsidiya ajratishni rad etish sabablari, subsidiya olish uchun ariza berish tartibi, subsidiyaga ariza topshirganda daromadi qanchagacha bo‘lishi kerakligi bo‘yicha savollar kelib tushmoqda.    

Avvalo shuni ham aytish joiz, ipoteka kreditlari asosida subsidiya olishda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi kerak.    

Subsidiyalar kimlarga beriladi?  

Subsidiya mablag‘lari faqatgina uy-joyi yo‘q, daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa O‘zbekiston fuqarolariga ajratiladi. Subsidiya olish uchun fuqaro 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Agar fuqaro mehnat migranti bo‘lganda, uning nomidan oila a’zolari ham ariza berishi mumkin. Subsidiyalar bir oilaga (oila a’zolarining bittasiga) faqatgina 1 marta beriladi.    

Subsidiyaga ariza topshirganda daromadi qanchadan qanchagacha bo‘lishi kerak?  

Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan Vazirlar Mahkamasining  2020 yil  25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, fuqarolar tomonidan uy-joy sotib olishda davlat byudjetidan subsidiya ajratilishi uchun ariza beruvchi yoki oilaning daromadi kuyidagicha bo‘lishi kerak:  

– Daromadi yuqori bo‘lmagan fuqaro yoki oila — qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha oylik daromadlar miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha va Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lgan oilalarga ajratiladi.     

Sodda qilib aytganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKM 980 ming so‘mning 2,7 baravari, ya’ni 2 million 646 mingdan kam bo‘lmasligi va 8 baravari 7 million 840 mingga teng yoki kam bo‘lishi zarur.      

Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravari 2 million 646 mingdan kam bo‘lmasligi va 9,2 baravari, ya’ni 9 million 16 mingga teng yoki kam bo‘lishi zarur. Ko‘rsatilgan normadan oylik maoshingiz yuqori yoki kam bo‘lsa, arizangiz rad etiladi.    

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA