Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana samolyot halokati: Bangladeshda maktab o‘quvchilari halok bo‘ldi
11:06 / 2025-07-22

Kecha Bangladesh poytaxti Dakka shahrida Harbiy havo kuchlariga qarashli F7 rusumli samolyot “Milestone School and College” binosiga qulashi oqibatida kamida 27 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Eng achinarlisi, ularning 25 nafari bolalar ekani tasdiqlangan. Mamlakat Qurolli kuchlari xabarida fojia tufayli 171 odam jarohat olgani ham qo‘shimcha qilingan.

Hodisa Diabari tumanida soat 13:18 da yuz bergan. "Europnews" yozishicha, uchoqda texnik nosozlik yuz bergan. Uchuvchi aholi gavjum hududdan chetroqqa qo‘nishga uringan, biroq halokatli yakunning oldini ololmagan. Voqea joyida boshqaruvdagi shaxs ham jon bergan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari jabrlanganlarning aksari maktab o‘quvchilari ekani, ular shifoxonada davolanayotganini qayd etgan. Ayrim bolalar og‘ir kuyish asoratidan aziyat chekmoqda.

Bangladesh hukumati musibat munosabati bilan milliy motam kuni e’lon qildi.                                                                                                          – Butun xalq uchun og‘ir fojia ro‘y berdi, – deya bayonot berdi mamlakatning muvaqqat yetakchisi Muhammad Yunus. – Halok bo‘lganlar uchun chuqur hamdardlik bildiraman. Jarohatlanganlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatiladi.

Samolyot urilgan ta’lim dargohida 4-18 yoshli o‘g‘il-qizlar tahsil oladi.

Hodisa yuzasidan tergov boshlandi. Hindiston va Pokiston Bosh vazirlari Bangladesh xalqiga hamdardlik bildirdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA