Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana Nipah haqida
14:40 / 2026-01-31

Virusning belgilari, yuqish yo‘llari va himoya choralari

Jahon miqyosida diqqat bilan kuzatilayotgan yana bir zoonoz infeksiya turi bo‘lmish “Nipah” virusi kam uchrashiga qaramasdan, yuqori o‘lim darajasi va tez yuqishi bilan ajralib turadi.

Hindistonning G‘arbiy Bengal shtati Kalikuta shahri va shu atrofda qayd etilgan holatlar kasallik global muammoga aylanishi mumkinligini ko‘rsatdi. Mintaqaviy darajada uchrayotgani yuzaga kelgan vaziyat xalqaro turizm va davlatlararo harakat ortib borishi sharoitida butun dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanmoqda.

Ilk bor qachon aniqlangan?

“Nipah” virusi ilk bor 1999 yil Janubi-sharqiy Osiyoda paydo bo‘lib, ko‘rshapalakdan meva orqali tarqalgani aniqlangan. Insonga yuqish holati esa zararlangan hayvon yoki xastalangan inson bilan yaqin muloqot bilan bog‘liq.

Ayniqsa nafas yo‘li ajralmasi, qon va tanadagi boshqa suyuqlikdan o‘tish ehtimoli yuqori. Ayni holat sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va bemorning qarindoshlari uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Belgilari

Odatda grippga o‘xshash alomat bilan boshlanadigan bu kasallik qisqa vaqtda og‘irlashishi mumkin. Belgilari – isitma, bosh va mushak og‘rig‘i, holsizlik.

Keyinroq kuzatiladigan og‘ir belgilar – hushdan ketish, tutqanoq xuruji, nafas yetishmovchiligi, ensefalit (miya yallig‘lanishi).

Ayrim holatlarda virus juda qisqa vaqt ichida koma va o‘limga olib kelishi mumkin. Shu bois erta tashxis, tezkor ihotalash va aloqada bo‘lganlarni aniqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Davosi bormi?

Hozircha “Nipah” virusiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus aksil virus davolash usuli mavjud emas. Davolash jarayonida quyidagi jihatlar ustuvor: reanimatsiya va intensiv terapiya yordami, nafas olishni qo‘llab-quvvatlash, yuzaga kelgan asoratni boshqarish. Shu bois himoya chorasi davolashdan ham muhim hisoblanadi.

Himoyalanish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Jamiyatning ongli munosabati ushbu kasallik tarqalishining oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayniqsa, xavfli hududga kirganlar quyidagi choralarga rioya qilishi shart:

Xom yoki yaxshi yuvilmagan meva yemaslik, ochiq joyda sotilayotgan oziq-ovqatdan saqlanish, xasta, ochiq yarasi bor jonivorga yaqinlashmaslik, shubhali belgi kuzatilsa, darhol tibbiy muassasaga murojaat qilish, so‘nggi sayohatlar va aloqa tarixini shifokorga albatta ma’lum qilish.

Nima uchun global tahdid sifatida baholanmoqda?

Bu singari zoonoz kasalliklar chegara bilmaydi. Erta ogohlik, to‘g‘ri axborot tarqatish va mustahkam sog‘liqni saqlash infratuzilmasi ehtimoliy epidemiyaning oldini olishda eng muhim omillardir.

Nodira Kayimova, O‘zA