English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana kredit, yana garov, yana kimoshdi, yana bank, yana tadbirkor va yana sud...
17:02 / 2022-11-09

-

   Maqola nomini o‘qib, “Yana-yana, yana sog‘indim, yana...” deb, aytiluvchi qo‘shiq yodingizga tushib ketmadimi?

Yaqinda bir kredit nizosi bo‘yicha, da’vogar vakili javobgarga qarab, “Hurmatli javobgar, sizga ishonch yo‘q, kreditni olishga olasiz, to‘lashga kelganda, “bugun-ertangiz” hech tugamaydi, bahonangiz ko‘p, avvalgi kredit shartnomangiz bo‘yicha ham bugungi kunga qadar qarzdorlikni yopmagansiz, garovga olgan mulk ham sotilmadi. MIB ijroni yakunlamadi, biz nima qilishimiz kerak? Bankda turgan pul birovniki, shu pullar aylanmasidan kredit mablag‘i sizga, boshqa tadbirkorlarga beriladi, kredit pulini qaytarmasangiz, foizini to‘lamasangiz, biz omonatni qanday qaytaramiz, foizini qanday to‘laymiz, bank ishchilari oyligini qayerdan oladi? Yonimizdan qoplash imkoni yo‘q. 10 marta kelib, kredit so‘rab, shartnomani imzolagansiz, o‘z xohishingiz bilan qarzni to‘lang-da...” dedi.

Javobgar ham bo‘sh kelmay, “Atay to‘lamadimmi, karantin bo‘ldi, ishlamay qoldik, ish yurishmayapti, kreditga foizni ham katta qo‘yib bergansizlar, kredit ham kech berildi, to‘layapman-ku imkon qadar, sud qarori ham chiqdi avvalgi kredit bo‘yicha, sud qarori chiqqandan keyin ham foiz undirib olyapsizlar, ey, bank kreditdan yutqazarmidi, g‘ing deganim yo‘q, to‘layapman, qolganini ham to‘layman, qochib ketayotganim yo‘q, ozgina sabr qilinglar, ha, deb sudga chopib kelasizlar, oqibatda million-million davlat boji ham to‘layapman”, dedi.

TAHLIL

Joriy yilning 10 oyi yakuniga ko‘ra, Respublika Fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) sudlarda ko‘rilayotgan nizolarda “top 1-o‘rinni” kredit nizolari egallagan bo‘lsa, Iqtisodiy ishlar bo‘yicha (IIB) sudlardagi nizolarning ham salmoqli qismini kredit nizolari tashkil etmoqda.

FIB sudlardagi bu toifa nizolardan IIB sudlarda ko‘rilayotgan kredit nizolarining farqli jihati shundaki, nizo predmeti, uning miqdori kattadir.

Ya’ni, taraflar o‘rtasida ko‘rilayotgan bu toifadagi nizolarda kreditga olingan mablag‘ va uning ta’minoti uchun qo‘yilgan garov mulki FIB sudlarda ko‘rilayotgan nizolar bahosiga nisbatan anchaa yuqoriligida. 

Chunki, iqtisodiy nizolarda taraflar – banklar va tadbirkorlik sub’ektlaridir. Shuning uchun ham gap minimal iste’mol kreditlari yoki ta’mir uchun olinadigan nisbatan kamroq summadagi mablag‘lar haqida emas. 

Demak, kreditga katta mablag‘ berilgan yoki olingan ekan, albatta garovga nima qo‘yiladi? Yashang, ko‘chmas mulk. Garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulk bahosi ham kredit summasidan yuqori bo‘lishi lozimligini ham yaxshi bilasiz va albatta, bizning banklarimizga xos xususiyat nima? Kredit foizi baland, demoqchimisiz. Yo‘q, bu ham bor gap bo‘lsa-da, lekin uni tadbirkor oladi, shartnoma imzolasa, tamom...

Masala shundaki, albatta bizgagina xos bo‘lgan xususiyatlarga ko‘ra, garovga qo‘yilgan mulk narxi taraflar o‘rtasida kelishilgan garov narsasi narxining bahosiga oid dalolatnomada kreditorning ustunligi bilan pastroq narxga baholanishidadir. Ya’ni garov mulkining bozor narxi pasaytirilgan holda garovga olinadi. Tadbirkor ham bunga rozi, chunki kredit olishi kerak, kreditor talabi esa shu...

Ha nima, mabodo kredit qoplanmasa, bu mulkni sotish osonmi, nima uchun kreditor yutqazishi kerak? Qarzdor ham bir gap bular...

YANA BIR MUHIM JIHAT...

Mavzu doirasida to‘xtalishimiz lozim bo‘lgan yana bir muhim va cho‘zib o‘tirmay, hal qilinishi lozim bo‘lgan jihat borki, bu har birimizni o‘ylantirishi, o‘ylantirganda ham chuqurroq o‘yga toldirishi shart.

Bu o‘y esa “ha, kredit oldi, qarzni qoplasin kerak bo‘lsa, foizlar qancha ortib borsa ham, to‘lasin, tijorat banklaridagi mablag‘ning katta qismi davlatga tegishli, to‘lamasa, qimmatroq garov mulkini kredit evaziga bersin, vassalom”, degan fikr-o‘ylar bilan birga, kengroq, zamonaviy, kreativ, bozor iqtisodiyoti, ilg‘or xorij tajribasiga asosan fikrlashni ham nazarda tutyapmiz.

Gap shundaki, bizda qarzdor uchun shunday bir achchiq va alamli sud amaliyoti shakllangan. Bunda kredit nizosi, kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qabul qilinib, ijro ishi qo‘zg‘atilib, garov mulki “kimoshdi”ga chiqarilib, mabodo sotilmasa, qonunga asosan kreditor garov mulkini kamaytirilgan narxda ham o‘z balansiga olishni xohlamasa, qarzdorga bank foizi hisoblanaveradi, sud undirib beraveradi.

Ya’ni, kreditor sudga murojaat qilsa, hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin to ijro yakunlanmagunga qadar, sud qarzdordan foiz undirish to‘g‘risida qaror qabul qilaveradi. 

Shunday misollar borki, masalan. 4 500 000 000 so‘m miqdorida kredit olingan, 5 500 000 000 so‘mlik mulk garovga qo‘yilgan. Kreditning ma’lum qismi qoplangan. Qolganini qoplash va undiruvni garovdagi mulkka qaratish bo‘yicha sud qarori chiqqan. Garov mulki, qayta-qayta qo‘yilgan “kimoshdi”da bir yarim yil davomida sotilmagan, bu orada bank uch marta sud qarori bilan kimoshdi natijasi bo‘yicha javob bermaydigan yo‘q javobgar-qarzdordan foiz undirish haqida qaror chiqartiravergan. Natijada garov mulki ham kreditdan to‘lanmay qolgan qismi miqdoriga yaqinlashib qolgan. “Yashasin”, kreditni qoplash tizimi... 

Chunki, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 327-moddasida boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerak.

Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs bo‘lganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud bo‘lgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida, sud kreditorning talabini da’vo qo‘zg‘atilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin. Ushbu qoidalar qonunda yoki shartnomada boshqa foiz miqdori belgilangan bo‘lmasa, qo‘llaniladi.

Kreditorning pul mablag‘laridan qonunsiz foydalanish tufayli unga yetkazilgan zarar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga asosan unga tegishi kerak bo‘lgan foizlar summasidan oshib ketsa, kreditor qarzdordan zararning bu summadan ortiqcha bo‘lgan qismini to‘lashni talab qilishga haqli, deb belgilangan.

Ana shundan kelib chiqib, sudda shunday amaliyot shaklangan.

XULOSA...

Amaliyotga ko‘ra, qarzdor kreditni yopish, ya’ni o‘zganing mablag‘ini ushlab qolmaslik uchun garov mulkini sud qaroriga asosan bo‘lsa ham berdi, olib chiqib sot, dedi, kredit mablag‘ini ol, qolgan summani qaytarib ber, dedi. Asosiysi, qarzni yopishga to‘sqinlik qilmadi, garov mulkiga qo‘l ham tekizmadi, garov mulkini sotilmay qoldi va qarzni qoplanmasligida qarzdorning ayb yo‘q bo‘lsa, a endi, bu – ikkinchi darajali... Masalaning jiddiyligi ham aynan shunda-da... 

Adolat har bir kishining o‘z fikri bilan o‘lchanadigan tushuncha emas. Adolat, bu – ilohiy tushuncha bo‘lib, jamiyatda tartibni o‘rnatadigan, muvozanatni ta’minlaydigan, ishonchni barqaror qiladigan tushunchadir.

Agarki, shu tushunchaga qarashlar turlicha bo‘lsa, maqsad uzoqlashib boraveradi. Oqibat ishonchga ta’sir etadi, tadbirkor-qarzdorning esa ishonchini susaytirib bo‘lmaydi. Chunki bundan jamiyat naf ko‘rmaydi, aksincha, ziyon ko‘radi. Xullas, bu kabi nizolarda adolatni – muvozanat va ishonchni ta’minlash vaqti keldi. Bir so‘z bilan aytganda, aqlli sud boshqaruvi darkor.

Chunki iqtisodiy sudlarning vazifasi u yozilgan yoki yozilmaganligidan qat’i nazar, qo‘yidagilarni ham qamrab olishi shart, ya’ni, avvalo, iqtisodiy nizolarni hal etish, nizolarning yuzaga kelishidagi, iqtisodiyot rivojiga, xususiy mulk, tadbirkorlikka to‘siq omillarni bartaraf etish, pirovardida, davlatning iqtisodiy taraqqiyotiga, yurt farovonligiga erishishdir...

TAKLIF

Demak, buning uchun birinchi navbatda qarashlarni o‘zgartish lozim. Avvalo, qarzdor-tadbirkor o‘z qarashini, mavjud kredit taklifi shartlari, undan foydalanish jarayoni uni qoniqtiradimi, uning faoliyatiga ta’sir etuvchi “risk” darajasi qanday? Kredit foizidan orttirib, daromad qila oladimi, bunda tavakkalchilikni, minimal va maksimal xavfi haqida bosh qotirishi yoki qo‘shiqda aytilganiga yaqin tarzda “yana-yana, yana kredit, yana...”, degan yuqori tavakkalchilik, mavjud bozor sharoitida nafliylik kam bo‘lgan sharoitda o‘ta tavakkalchilikka e’tiborsizlik qabilida ish tutmasligi;

Kreditorning qarashi esa, mamlakat iqtisodiy manfaatini ko‘zlab, kredit ta’minotini yaxshilashning, oshirishning, kredit “risk”ini kamaytirishning oson yo‘lini – qarzdorning hisobidangina amalga oshirishga urg‘u beravermasdan, yangicha yondashuvlarni joriy etish, oson, sodda, tez, umumochiq kredit siyosati, kreditor-bank ham avvalo tadbirkorlar qatori bir tadbirkor ekanligiga urg‘u berib, tadbirkorlar qarzdorlar bilan teng huquqli, kredit, garov va boshqa ta’minot shartnomalariga erishish nuqtai nazaridan qarashlarni o‘zgartishi maqsadga muvofiq.

Sud esa, anglo-sakson huquq oilasi sudyalari kabi faktik verdiklar chiqarmasa ham, hal qiluv qaroridan keyin kiritiladigan bu foiz undirishga oid da’volarda qarzdorning aybi foiz o‘sishiga olib kelganmi yoki yo‘qimi, kredit ta’minoti – garov mulkini realizatsiya qilinmasligida qarzdorning qarshiligi bormi-yo‘qmi, hal qiluv qaroridan keyin berilgan foiz undirish haqidagi da’vo qarzdorga nisbatan asoslimi, haqlimi, adolatlimi, bundan jamiyatga nima naf, iqtisodiyotga nima foyda, nima ziyon degan juda mushohadali qarashlar bilan birga, hukumatga beriladigan tavsiyalarda  ham namoyon bo‘lishi;

Qonun ijodkorlari esa, sudlardagi bugun ko‘rilayotgan kredit nizolari son-sanog‘ining o‘zi katta bir muammo ekanligiga urg‘u bergan holda va shu asosda bu boradagi qonunchilikni tahlil etib, kredit nizolaridan boshqa muammolar ijtimoiy masalalar kelib chiqmasligini tezkor va zamon talablariga mos yondashuv asosida ko‘rib chiqishi;

Albatta hukumat, sud amaliyotidan kelib chiqib, kredit nizolari ko‘payganligi ortida kredit olish tartib-taomillari soddalashgani, osonlashgani, tadbirkorlik sub’ektlari soni bir necha barobar ortgani bilan kredit nizolarining ko‘pligi bu sohada hali-hamon katta-katta muammo va masalalar borligini ko‘rsatmoqda.

Ya’ni kredit, garov va boshqa ta’minot bilan bog‘liq qonun va qonun osti hujjatlar, shartnomaviy munosabatlar, ularga ta’sir etuvchi ma’muriy omillar, turli dasturlar, guruhlarga oid imtiyozlar hamda boshqa chora-tadbirlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, monitoring asosida shartnomaviy munosabatlar, imtiyozlarda, tenglik, erkinlik prinsiplarini tizimli qo‘llash borasida keng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi yangi mexanizmlarni ishlab chiqishi, taklif etishi maqsadga muvofiq.

Aslida ham davlatimiz rahbari tomonidan keyingi besh yillik uchun belgilab berilgan besh asosiy yo‘nalishdan ikki muhim yo‘nalish bo‘lgan sud mustaqilligi, sudlarga ishonch va tadbirkorlik rivoji sari belgilangan vazifalardan muddao ham avvalo, mana shunday masalalarni yechishga qaratilgandir.

Nuriddin MURODOV,

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sud raisi