Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana Kamboja – Tailand to‘qnashuvi haqida
23:43 / 2025-07-25

24 iyul kuni ertalab Tailand va Kamboja chegarasida kamida 16 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Har ikki davlat zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi mintaqa va tashqaridan yangragan chaqiriqlarga qaramay, juma kuni ham kuchli artilleriya otishmasini davom ettirdi. Bu haqda “so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichidagi eng jiddiy jang” deb yozdi “Reuters”.

Rasmiylar aytishicha, Tailand tomonidagi mojaro hududidan 100 000 kishi evakuatsiya qilingan.

Sabab

Bu iiki davlat munosabati 28 may kuni sodir bo‘lgan qurolli hodisadan so‘ng yomonlasha boshladi. O‘shanda Tailand askarlari Kambojaning Preaxvixear provinsiyasi va Tailandning Ubonratchatxani provinsiyasi o‘rtasidagi bahsli hududni va Fong tumani Techo Morokot qishlog‘idagi Kamboja harbiy postini o‘qqa tutdi. Natijada bir kambojalik askar halok bo‘lib, bir nechasi yaralandi.

2 iyun kuni Kamboja to‘rt chegara hududi – Hindistondagi fransuz mustamlakachiligidan mamlakatga meros bo‘lib qolgan Tamoantxom, Tamoantuch va Takrabey ibodatxonalari atrofidagi chegarani belgilash bo‘yicha kelishmovchilikni hal qilish uchun Xalqaro sudga murojaat qilish niyatini ma’lum qildi.

Bangkok bu qarorga rozi bo‘lmadi va chegaradagi o‘tish joylarini yopib qo‘ydi. Bunga Kamboja poytaxti Pnompen ham munosib javob berdi. Ya’ni, Tailand Kambojani qirollik chegara hududiga piyodalarga qarshi minalar o‘rnatishda aybladi.

Pnompen uch nafar tailandlik askar minada portlagani uchun javobgarlik ayblovini rad etib, harbiylar xavfsiz patrul yo‘lidan chetga chiqqanini aytdi.

Shundan so‘ng tomonlar diplomatik munosabatni eng quyi darajaga tushirdi.

Harbiy harakat

“Khmer Times” nashri ta’kidlaganidek, to‘qnashuv taxminan soat 07:30 da Oddar-Meanchey  provinsiyasidagi bahsli chegara hududi yaqinida boshlangan.

Mahalliy aholi nashrga bildirishicha, ular kuchli otishma va portlash ovozini eshitgan. Demak, har ikki tomon og‘ir qurollardan foydalangan bo‘lishi mumkin.

Vaziyat hamon keskinligicha qolmoqda, chunki raqiblar chegarada o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqda.

Pnompen Tailand qo‘shinlarining“Qirollik hududiy yaxlitligi buzilgan”i iddao qilinib, sababsiz bostirib kirishiga javoban, himoyalanish maqsadida harakat qilganini aytdi.

Tailand Harbiy-havo kuchlari qiruvchi uchoqlari Kamboja harbiylarining Preaxvixear provinsiyasidagi pozitsiyasiga zarba bergani xabar qilingan. Mahalliy vaqt bilan soat 02:58 da ular Kamboja Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 8-9-brigadalar harbiy qarorgohini “mashg‘ulotga jalb qilishdi va zararsizlantirishdi”.

Tailandning bir qiruvchi samolyoti urib tushirilgani da’vo qilinmoqda, Bangkok bu ma’lumotni inkor qilgan.

Tailand armiyasi bildirishicha, Kamboja Qurolli kuchlari tomonidan chegara hududida uchuvchisiz samolyot uchirilgan. Tailand Kambojani chegara hududida xalqaro huquq tamoyilini buzuvchi noqonuniy harakatdan chekinishga chaqirgan.

Kamboja Bosh vaziri Xun Manet BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini talab qildi.

Sayyohlar xavfsizmi?

Kambojaga ommaviy sayyohlar oqimi yo‘q, Tailandning kurort joylari chegaradan uzoq.

Tailanddagi sayyohlarga qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgan chegara hududlariga bormaslik tavsiya etilgan.

Dunyo nima deyapti?

– Xitoy keskinlikdan chuqur xavotirda va vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berishga tayyor, – dedi XXR TIV.

Qirg‘iziston TIV fuqarolarini chegaraga yaqin hududlarga bormaslikka chaqirdi.

Vetnam mintaqada keskinlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirib, har ikki davlatni bosiqlikka, kuch ishlatishdan tiyilishga da’vat etdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuv sabab o‘zbekistonliklarga ushbu ikki davlat chegaradosh hududlariga bormaslikni tavsiya qildi. Mamlakatimizning Bangkok shahridagi bosh konsulxonasi esa mojaro oqibatida fuqarolarimiz jabrlanmaganini ma’lum qildi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA