Gretsiya poytaxti Afina shahrida sport kurashlari bo‘yicha U17 yosh toifasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida yunon-rum kurashi bahslari o‘z yakuniga yetdi.
Unda 51 kilogrammgacha vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Otabek Tursunov so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida ozarbayjonlik Hikmat Hagverdiyevni 4:1 hisobida yenggan bo‘lsa, -71 kg. vazndagi polvonimiz Behruzbek Valiyev gretsiyalik Dimitrios Soulis ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa, Otabek va Behruzbek terma jamoamizga ikkita oltin medalni taqdim etdi. Natijada O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, kuni kecha yunon-rum kurashi bo‘yicha Bunyod Hasanov va Abdulaziz Xolmirzayev ham jahon chempioniga aylangan edi.

Ayollar kurashi bo‘yicha vazni - 65 kg. bo‘lgan Muhayyo Rahimjonova final bosqichiga yo‘l oldi. Endi Muhayyo oltin medal uchun o‘tadigan so‘nggi bahsda Ashvini Vishnoi bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA