Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana Hamas rahbariyati nishonga olindi
19:57 / 2025-09-09

Dohada yuz bergan portlash Hamasning yuqori martabali amaldorlari va Falastin rasmiylariga suiqasd ekani aytilmoqda. Bu o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokarada asosiy vositachi, mintaqadagi eng yirik AQSH harbiy bo‘linmasi Al-Udayd havo bazasi joylashgan davlat – Qatarga Isroil tomonidan berilgan ilk shunday hujumdir.

Isroil G‘azo, Livan, Yaman va Suriyani bombardimon qilib, Falastindagi bosib olingan G‘arbiy Sohilga, deyarli, har kun to‘pga tutmoqda. Hamasdagi manba “Al-Jazira” telekanaliga bildirishicha, bu gal raqib tomonning muzokarachilar guruhi nishonga olingan. Ular AQSHning so‘nggi sulh taklifini muhokama qilish uchun yig‘ilayotgan vaqtda hujum sodir etilgan.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid Al-Ansoriy bayonotida mamlakat Hamas siyosiy byurosining bir necha a’zosi yashaydigan turar-joy inshooti nishonga olingan bu harakatni “keskin qoralaydi”. Binoda guruh rahbarlaridan kamida besh nafari bo‘lgan, deya xabar bergan “Al-Hadath” telekanali. Tegishli manbalar muxbirga Isroil hujumida G‘azo sektoridagi Hamas yetakchisi, muzokara guruhi rahbari Xalil Al-Hayyo, harakatning xorijdagi vakolatxonasi rahbari Xolid Mash’al, G‘arbiy Sohildagi o‘choq qo‘mondoni Zohir Jabarin hamda siyosiy byuro a’zosi Nizor Audolloh halok bo‘lganini tasdiqlagan. Hujum vaqtida rahbariyatning yana bir a’zosi G‘ozi Hamad ham binoda bo‘lgan, biroq uning taqdiri hozircha noma’lum.

Hamas bu axborotlarga rasman izoh bergani yo‘q. Avvalroq Isroil armiyasi matbuot xizmati Hamas oliy rahbariyatiga aniq zarba berilganini e’lon qilgan, biroq amaliyot aynan qayerda ijro etilganiga aniqlik kiritmagan edi.

Qatar rasmiylari Isroilni ayblab, oddiy aholi xavf ostida qolganiga e’tibor qaratgan. Isroil esa Qatar poytaxtiga zarba berganini hali rasman tasdiqlamadi.

M.Pirmatova, O‘zA