Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana farzand tarbiyasi haqida
18:15 / 2019-08-19

Tez orada yangi oʻquv yili boshlanadi.

 Nuqtai nazar

Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning bir boʻlagiga aylanib boʻldi. Afsuski, uni nazorat qilish, foydalanishni cheklash bilan ish bitmaydi. Shu bois, bu makon yaxshi-yomon, kerakli-keraksiz, foydali-foydasiz maʼlumotlar bilan toʻlib boryapti. Tarmoqlar aks-sadosi rasmiy ommaviy axborot vositalarida, kerak boʻlsa, xorijiy matbuotda ham koʻrinib turibdi. Bir muddat oldin yurtimizdagi taʼlim muassasalarida boʻlayotgan koʻngilsizliklar, oʻqituvchi va oʻquvchining tortishuvi aks etgan tasvirlar tarqalgani va bu koʻplab fikr-mulohazalarga sabab boʻlgani ham bor gap.

Bugun har bir odam zamonaviy telefonlardan foydalanadi. Oddiy fuqarolar bir joyda uy buzilsa, nimanidir nohaqlik deb bilsa, rasmga yoki videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyyapti. Maktabda yoki bogʻchada nimadir boʻlsa, u ham “chiqib“ ketyapti. Mutasaddilar bunga javob berishga majbur boʻlyapti. Bugun ijtimoiy tarmoqlar juda tez rivojlanyapti.

Tez orada yangi oʻquv yili boshlanadi. Shu bois, oʻquvchilar tarbiyasi, pedagoglar masʼuliyati, ota-onalar zimmasidagi tarbiya yuki borasida soʻz aytmoqni istadik.

Oʻspirin, oʻsmir yoshdagi oʻquvchilar bugun internetni, axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini juda yaxshi tushunadi. Bu quvonarli, albatta. Ammo ular tomonidan tasvirga tushirilib, tarqatilayotgan maʼlumotlarning hammasi ham ishonchlimi? Yoki uning tub negizida nima yotibdi?

– Texnikaning, Internetning ommalashuvi sabab, koʻplab koʻngilsizliklar kelib chiqayotgani bizni oʻylantiradi, – deydi Toshkent shahri Olmazor tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Zamira Azimboyeva. – Oʻquvchining oʻqituvchiga nisbatan yoki buning aksi boʻlgan holatlarning tasvirlari namoyish etilgach, asl haqiqatni, vaziyatni bilmay turib turli fikrlar paydo boʻlyapti. Natijada oʻqituvchi ishdan olinishi, ogohlantirish berilishining guvohi boʻlyapmiz. Lekin nima oʻzgaradi? Darsda toʻpolon qilgan, odob-axloq normalariga bepisand boʻlgan farzandlarimizning taqdiri yaxshi boʻlib qoladimi? Agar oʻqituvchiga jazo berilishi ortidan bolalarning bilimi oshsa yoki tarbiyasi yaxshi boʻlsa, qani edi, degim keladi. Bu kabi xatti-harakatlar bolaning oldida oʻqituvchining qadri tushishiga, hurmatsizlik muhitining paydo boʻlishiga olib keladi, xolos. Pedagog oʻz-oʻzidan qoʻpol munosabatda boʻlmaydi yoki qoʻl koʻtarmaydi. Shunday oʻquvchilar borki, yaxshi gapni tushunadi. Shunday oʻquvchilarimiz ham borki, yaxshi gapni qoʻya turing, hatto yomon gap ham taʼsir qilmaydi. Bunday bolalarning oilasidagi muhitga eʼtibor berish kerak. Lekin tan olib aytaman, guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Oʻqituvchilar orasida ham vaziyatni toʻgʻri baholay olmaydigani, quyushqondan chiqib ketadiganlari ham bor. Ammo ular ham inson. Shu bois, taʼlim-tarbiya jarayonidagi baʼzi holatlarni fojia deb bilib, xato xulosa chiqarish, salbiy munosabatda boʻlish toʻgʻri emas.

– Oʻtgan oʻquv yili oxirida ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqalgandi. Kasbim nuqtayi nazaridan Internetda tarqalgan videoni telefonimga yuklab oldim. Unda oʻqituvchisiga qoʻl koʻtargan va haqorat qilgan oʻquvchi tasviri bor edi. Ishdan qaytgach, turmush oʻrtogʻimga buni koʻrsatdim. Afsuslanarlisi, oʻzim bilmagan holda farzandlarim oldida shu ishni qildim. Lekin bu ishning yomonligini, oʻquvchi uchun bu mumkin emasligini farzandimga aytish yodimdan koʻtarildi yoki eʼtibor bermadim, – deydi bir hamkasbim.

Ertasi kuni oʻgʻlimning oʻqituvchisi qoʻngʻiroq qilib, “Unga tanbeh berganim uchun ovozini koʻtarib muomala qildi, agressiv holatda edi. Uy tinchmi?”, deb soʻradi. Shundagina xatoyimni angladim.

Bu voqea bola tasavvurini shu qadar tez chalgʻitdimi? Biz, kattalarning bilib-bilmay qilayotgan xatolarimizning asorati emasmi bu?

– Bolalar hatto multfilmning yoqqan qismini oʻz ongiga yozib olish mahoratiga ega, – deydi psixolog Laylo Nodirova. – Chunki ong uchun chegara, vaqt, toʻsiqlar yoʻq. U qanday koʻrsa, shundayligicha yozib olaveradi. Hatto soʻng undan chiqarilgan xulosa bola ongi, aqli bilan bir-biriga bogʻlanmasligi mumkin. Biz koʻp bor oʻqituvchiga gap qaytarish mumkin emasligini aytyapmiz. Lekin videoda u boshqa narsani koʻryapti. Bu holat unga yoqib qoldi. Demak, shunday qilsa boʻladi, vaziyatdan chiqishga yordam beradigan holat, deb oʻylaydi. Unda variantlar paydo boʻladi. Agar vaziyat taqozo qilsa, bu yangi usul boʻlgani uchun bu holat juda tez yuzaga chiqadi. Agar qandaydir muammoga duch kelsak, bu haqda koʻp oʻylaymiz. Oradan qanchadir vaqt oʻtib, qandaydir yechim borligi xayolimizga keladi. Shunday paytda ongimizda oxirgi yozilgan holat, yechimlar birinchi yuzaga chiqadi. Oʻqituvchini nohaq deb baholagan oʻquvchi ongiga yechim sifatida koʻrsatilgan gaplar, xatti-harakatlar qaysidir holat, vaziyat, maʼlumotlar orqali singgan. Vaqti bilan bu koʻrinadi. Maʼlumki, ongimiz ong ostini hamisha ham nazorat qila olmaydi. Kundalik harakatlarimizni ong ostidagi yozuvlar boshqaradi. Bu bilib-bilmay yigʻib borilgan axborotlardir. Bir narsani aniq ayta olaman. Bolaning koʻchadagi har qanday vaziyatga munosabati ostida oiladagi muhit yotadi. Shuning uchun ham hamma narsani boricha, batafsil va oqilona tushuntirish kerak. Tartib nima ekanini farzandlarimizga anglatish ota-onaning vazifasidir.

Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi holatlari qayd etilganda qonuniy jazo turlari ham mavjud.

– Maʼmuriy jinoyat toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasida ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik (shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi) – yaʼni Oila kodeksining (OK) 73-moddasida koʻzda tutilgan majburiyatlarni pisand qilmaslik huquqbuzarlik sifatida belgilangan, – deydi Toshkent shahar, Mirobod tuman Maʼmuriy sudi raisi Suhrob Yoʻldoshev. – Shu bilan birga, bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishiga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan toʻsqinlik qilish – yaʼni OKning 73-moddasini buzishda faol harakatlarni bajarish jazosiz qolmaydi. Shuningdek, bu kabi xatti-harakatni takror sodir etganlik uchun oshirilgan jarimalar va hatto 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoq joriy etilgan.

Aksariyat hollarda oiladagi salbiy muhit tarbiyasi ogʻir bola shaxsining shakllanishiga olib keladi. Oilada sogʻlom muhit boʻlmasligi asosan xudbinlik va boshqa salbiy xislatlarni tarbiyalaydi. Ehtimol, taʼlim muassasalarida bu kabi holatlarning kuzatilayotgani ham oilaviy muhit bilan bogʻliqdir. Farzandini sevuvchi, unga faqatgina yaxshilikni ravo koʻruvchi ota-onalar orasida ham zarur pedagogik madaniyat yetishmasligi sababli, farzandi uchun nosogʻlom muhit yaratilishi mumkin.

Tibbiy muassasada shifokor koʻrigida navbatda turganimizda ayni mavzuda gap ochildi. Shunda poytaxtlik oʻzini Gulinigor Hasanova deb tanishtirgan ayol bir voqeani soʻzlab berdi.

– Shayxontohur tumanidagi bir maktabning yonida tanishimni kutib turgandim. 10-11 sinf oʻquvchilari, shekilli, tanaffus vaqtida shunday soʻzlarni ishlatishardi-ki, hayron boʻldim. 9-sinfda oʻqiydigan oʻgʻlim bor. Choʻchib ketdim. Nahotki, u ham shunday boʻlsa. Ularning ikkitasining suhbati eʼtiborimni tortdi. Biri “hozir darsda ustozning asabini buzaman, jahli chiqib urishib beradi, sen shuni videoga ol. Tarqatvoramiz. Ijtimoiy tarmoqlarda layk yigʻamiz...”. Ularning hamma gapini ilgʻamadim. Toʻgʻrisi, oʻzimni qoʻyishga joy topolmay qoldim. Tushunyapsizmi? Ular nimani rejalashtiryapti? Shundan soʻng farzandimning telefonidagi maʼlumotlarni tekshiradigan boʻldim.

Oʻqituvchi badjahl, jazavali, qahrli kasb sohibi emas, balki farzandlarimizga saboq beradigan mutaxassislardir. Buni hamma, oʻqituvchilarning oʻzi ham toʻgʻri anglashi foydadan xoli boʻlmaydi.