Kechki vaqt toza havoga sayrga chiqqan Sadbar aya shundoqqina “dom” atrofiga tashlab ketilgan, yoyilib yotgan chiqindilarni ko‘rib, ko‘ngli xira tortdi.Egilib, yoyilib yotgan chiqindini yig‘ishtira boshladi.”Eh...”,– deya o‘ziga o‘zi pichirladi aya.–Ota -bobolarimiz bekorga chiqindini ariqqa supurma, suvga tushirma, hovli va ko‘chalarga axlat tashlama”, deya ta’kidlashmagan. Poklikka amal qilmaslik xunuk odatku...
bugungi kunda dunyo miqyosidagi chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, maishiy chiqindilar hajmining o‘sishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi.
Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qattiq maishiy chiqindilar aholi jon boshiga har yili 1 foizga oshmoqda. Hozirgi kunda chiqindilarning 800 dan ortiq turi qayd etilgan bo‘lib, ular sonining kelgusida yanada ortishi bashorat qilinmoqda. Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish industriyasi ob’ektlari chiqindi hosil qiluvchi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi.

Har birimiz o‘z ehtiyojimizdan kelib mahsulot xarid qilamiz va sotuvchidan olingan mahsulotni politelin paketlarga solib berishini so‘raymiz.Uyga kelib, ishlatilgan paketni chiqindi idishiga tashlaymiz. Aslida ishlatilgan polietilen paketlar tadbirkorlar tomonidan qayta ishlanadi. Ammo ana shu ishlatilgan politelin paketlarni aholi tomonidan alohida topshirishga rag‘bat yo‘q. Chunki mazkur paketlar juda yengil va 1 kg.i atigi 2000 so‘m turadi. Demak, chiqindiga yoki yo‘l chetiga keraksiz paketlarni tashlab ketish osonroq. Ularning aksariyati albatta aholi punktlaridan chiqindi poligonlariga olib kelinadi. Ayni paytda respublika bo‘ylab 221 ta chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, ularning maydoni 0,5 gektardan 70–80 gektargacha boradi. Ko‘pchilik poligonlarning foydalanish muddati 20–30 yilni tashkil etadi.

Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab turdagi tovarlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biridir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizda 13 ta sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan davlat unitar korxonalari hamda ularning tuman va shaharlardagi 174 ta filiali, shuningdek, «Maxsustrans» DUK hamda 101 ta xususiy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 apreldagi qarori bilan, «2019–2028 yillarda O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi» tasdiqlangan. Unda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, chiqindilarni olib chiqib ketish tariflari iste’molchilar tomonidan chiqindilar saralab yig‘ilganini inobatga olib, pasaytirilgan holda belgilanadi.
Yashab istiqomat qilayotgan mahalla obodligi uchun nafaqat mahalla mas’ullari, balki barcha aholi teng mas’uldir. Agarda mahallada aholi tomonidan chiqindi pullari uchun to‘lov o‘z vaqtida oshirilsa, chiqindi muammosining bartaraf etilishida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va sohada faoliyat ko‘rsatuvchi barcha mas’uliyati cheklangan jamiyatlari teng javobgardir.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali "Aholi chiqindi pulini vaqtida to‘lab kelayotgan bo‘lsa, chiqindisi nega o‘z vaqtida olinmayapti?" sarlavhasi ostida tarqalgan murojaat yuzasidan Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Urganch tuman inspeksiyasi hamda "Urganch Avto Eko Trans" MCHJ ishchi xodimlari birgalikda murojaatda ko‘rsatilgan Urganch tumani, G‘oybu qishlog‘i Orom ko‘chasiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida "Urganch Avto Eko Trans" MCHJ ishchi xodimlari tomonidan to‘planib qolgan chiqindilar olib chiqib ketildi. Shu bilan birga Urganch tumani, G‘oybu qishlog‘i Orom ko‘chasiga "Urganch Avto Eko Trans" MCHJ ishchi-xodimlarining grafik asosida chiqishi nazoratga olindi.
Chiqindixonalar ichida ko‘plab xavfli chiqindilar ham mavjud. Masalan, batareykalar va ularning ichidagi simob, flyuorissent lampalardagi fosfor-karbonatlar va maishiy eritmalardagi toksik kimyoviy moddalar, buyoqlar, yog‘och buyumlarni asrash uchun ishlatiladigan turli xil kimyoviy qoplamalar bunga misol bo‘la oladi. Chiqindilarning ko‘payishiga asosiy sabablardan biri aholi ehtiyojlarini qondiradigan buyumlar ishlatiladigan muddatining qisqaligidir. Bir martalik qog‘oz va plastik idishlar, kiyimlar, boshqa buyumlardir.
Poytaxtimizda “Maxsustrans” DUK rahbariyati, Ekologik partiya, Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi tomonidan 180 ta davlat tomonidan nishonlanadigan Umumjahon tozalik kunini o‘tkazish borasida tayyorgarlik ko‘rildi.
Mutaxasislar tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘ngillilar bilan hamkordikda shaharning 10 ta manzilida batareykalarni to‘plash tashkil etilmoqda. Batareykalarni utilizatsiyaga topshirgan barcha yurtdoshlarimiz, qimmatli sovg‘alar ko‘zda tutilgan lotereyada ishtirok uchun jetonlarni qo‘lga kiritadi.
Poytaxtimizning 24 ta mahallasida qattiq maishiy chiqindilarni saralagan holda to‘plashga doir o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar ham quvnoq o‘yin shaklida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ta’kidlanishicha, tashkilotchilar bunday tadbirlarni mahalliy ko‘lamda tizimli yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallamoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida atrof-muhit ozodaligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik! Zero, obod va fayzli yurtda yashamoqqa nima yetsin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA