Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana “Boysun bahori”da ko‘rishguncha xayr!
15:15 / 2024-05-07

So‘lim Boysun tumanida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda dunyo tamadduni beshiklaridan biri, milliy urf-odatlarimiz makoni Boysun tumanida 1-7-may kunlari o‘tkazilgan an’anaviy festival dunyo xalqlarining ochiq osmon ostidagi do‘stlik, hamjihatlik, san’at va qadriyatlar bayramiga aylangani alohida ta’kidlandi.  

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan  festival tamomila yangi shukuh va yangicha uslubda, yuksak badiiy saviyada o‘tkazildi.

Bu yil yettinchi marta tashkil etilgan festival uchun maftunkor tumanning Bibishirin mahallasida zamonaviy turistik maskan qurilib, besh qavatli, to‘rt yulduzli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, hududlar qo‘rg‘onlari uchun joy, etnosport maydonchalari va boshqa infratuzilma inshootlari bunyod etildi. Qadimiy o‘tov uylar tikilib, Termiz shahri, tumanlar va viloyat tashkilot, muassasalarining 20 dan ortiq qo‘rg‘oni tiklandi. O‘nta mahalla obodonlashtirilib, yo‘llar ta’mirlandi. Turistik ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. Boysunlik yog‘och o‘ymakorlari uchta nafis arka tuhfa etdi.

Uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarning tarif-tavsif-u, olqishlariga sazovor bo‘lgan bayram doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, milliy sozlar va milliy liboslar, taomlar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalari, dronshoular, etnosport bellashuvlari, shuningdek, uloq-ko‘pkari, kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, xo‘roz urishtirish, varrak sayli kabi turli xalq o‘yinlari, 20 ta tandirda “Tandir fest” (Surxoncha tandir go‘sht) va “Havo sharlari” festivallari o‘tkazildi.

Boysunlik hunarmandlarning uzunligi 31, eni 5 metrli so‘zanasi, uzunligi 25 va eni 5,2 metrli gilami, aylanasi 9 metrli boysuncha noyob do‘ppisi ham festival tomoshabinlarida katta qiziqish uyg‘otdi.  Mamlakatimizda ilk marta Boysunda bir yo‘la uch kun 20 ta havo shari uchirilib, mehmon-u mezbonlarning tog‘lar bag‘ridagi maftunkor go‘shani tomosha qilishiga qulay sharoit yaratildi.  

Milliy qadriyatlar ulug‘langan shodiyonaning xalqaro ko‘rik-tanlovida Braziliya, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Tayland, Tojikiston, Hindiston, Eron kabi 16 davlatdan 81 nafar, mamlakatimizdan 130 nafar folklor jamoasi va yakkaxon san’atkorlar o‘z mahoratini namoyish etdi.  

Ochiq osmon ostidagi nafis bayramga kelgan xorijlik mehmonlar mamlakatimizda boy nomoddiy madaniy merosimizni yanada chuqur o‘rganib, yosh avlod qalbiga singdirishga, yoshlarni teran ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tiborga munosib baho berdi.  

Qadimiy milliy an’analarimiz asosida bezatilgan qo‘rg‘onlar sahnalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 250 nafar, Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va tumanlaridan ming nafarga yaqin folklor jamoalari ishtirokchisi xalq og‘zaki ijodining eng go‘zal navolari va milliy an’analarimizni yuksak mahorat bilan tarannum etdi. O‘ndan ortiq milliy xalq o‘yinlari va tomoshalari tashkil etilib, g‘oliblar rag‘batlantirilgani ham xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy kurash, uloq-ko‘pkari musobaqalari taassurotlarga boy bo‘ldi.

YUNESKO, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festival qadimiy va hamisha navqiron vohaning boy sayyohlik salohiyatini ham keng targ‘ib qildi.  

Festivalda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan martabali mehmonlar, soha mutaxassislari, san’atkorlar va muxlislar ishtirok etib, viloyatning turistik maskanlari bilan tanishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, festival kunlari 400 dan ortiq xorijiy qatnashchi, 20 nafar yuqori martabali mehmon va sayyoramizning turli davlatlaridan 10 ming 200 nafarga yaqin chet ellik sayyoh qadimiy vohada bo‘ldi. Yetti kunda mamlakatimizning shahar va viloyatlari, Surxon vohasining shahar va tumanlari, xorijiy davlatlardan 620 ming nafar sayyoh Boysunga kelib, festival bilan tanishdi.

Braziliya, Buyuk Britaniya, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekiston vakillaridan iborat xalqaro hakamlar hay’ati baholab borgan folklor, milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati ko‘rik-tanlovida O‘zbekiston, Belgiya, Belarus, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari jamoalari faxrli o‘rinlarni egalladi.  

Xalqaro tadbirni jahondagi 100 dan ortiq ommaviy axborot vositasi vakillari keng yoritdi. Ijtimoiy tarmoqlarga 25 nafar xorijiy, 120 dan ortiq respublika va 250 ga yaqin mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimi, bloger va vaynerlarning 2 ming 500 dan ortiq posti joylandi. Xalqaro festival O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari orqali 70 dan ortiq davlatda keng targ‘ib qilindi. Xususan, Germaniya (Stimme der Hauptastadt) Saudiya Arabistoni (Tourism World, Adwaalwatan.com, Alharir.info), Ispaniya (El Mundo Financiero), Janubiy Koreya (UN Journal), Belgiya (The European Geopolitical Forum) Iroq (Wrkaa News), Iordaniya (Ammon News), Marokash (Al-Inmae) Rossiya (Bolshaya Aziya) Qozog‘iston (“Almalife, Infozakon) Qirg‘iziston (Kabar) Yaponiya, Ummon sultonligi va boshqa mamlakatlarda qiziqarli maqolalar berildi.  

Bir hafta davom etgan xalqaro festivalning xorijlik mehmonlari kelgusi “Boysun bahori”ga ham kelishni niyat qilib, mezbonlar bilan quyuq xayrlashdi.  

Tadbirda xalqaro festival doirasida viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan "Zakovat" intellektual o‘yini g‘oliblari taqdirlandi. Festivalning tantanali yopilish marosimi el suygan san’atkorlar va folklor jamoalarining qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri