Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana blogerlar javobgarligi haqida
18:38 / 2019-08-22

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan Oʻzbekiston va ayrim xorijiy mamlakatlarining OAV va blogerlar “post”lari va ularga izohlar uchun javobgarligi masalasini tartibga soluvchi qonun hujjatlari tahlil qilindi.


Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan Oʻzbekiston va ayrim xorijiy mamlakatlarining OAV va blogerlar “post”lari va ularga izohlar uchun javobgarligi masalasini tartibga soluvchi qonun hujjatlari tahlil qilindi.

Maʼlumot uchun:

OAV, yaʼni ommaviy axborot vositalari – bu ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega boʻlgan hamda bosma va (yoki) elektron tarzda (shu jumladan Internet tarmogʻidagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllaridi;

Bloger – Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻzining veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan, axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxsdir. Yaʼni, internetdagi oʻzining veb-saytiga va (yoki) veb-saytlardagi oʻzining sahifasiga axborot joylashtiruvchi har qanday jismoniy shaxs bloger hisoblanishi mumkin.

OAVlar va blogerlarning internet tarmogʻidagi “post”lari va ularga izohlar bilan bogʻliq muammolar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud boʻlib, ularning qonunchiligi bilan turlicha tartibga solinadi.

I. Xorijiy mamlakatlarda

Buyuk Britaniyada veb-sayt egalari, 2013-yilda qabul qilingan “Tuhmat toʻgʻrisida”gi aktning 5-boʻlimiga muvofiq, foydalanuvchilarning tuhmatona sharhlari uchun veb-saytlar yoki blogerlar quyidagi hollarda javobgar boʻladi (agar jabrlanuvchi buni isbotlasa):

- tuhmat yoki haqorat qilgan shaxsni aniqlash imkoni boʻlmaganda;

- jabrlanuvchi sharh mazmuniga nisbatan sayt operatoriga yoki blogerga shikoyat yuborgan boʻlsa;

- jabrlanuvchining shikoyatiga javob berilmagan boʻlsa.

AQSHda veb-sayt egalari va blogerlar “Aloqalarning maqbulligi toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra oʻz foydalanuvchilari joylashtirgan tuhmatona maʼlumotlar uchun javobgarlikdan himoya qilinadilar. Umumiy qoida boʻyicha, foydalanuvchilarning sharhlari uchun OAV yoki bloger, sharh haqida bilishi yoki bilmasligidan qatʼi nazar, javobgar boʻlmaydi.Lekin, quyidagi hollarda OAV yoki bloger boshqa shaxslar qoldirgan sharhlar uchun javobgar boʻlishi mumkin:

- agar sharh qoldirgan shaxs blogerning xodimi boʻlsa;

- sharhning jinoyatligi ochiqchasiga maʼlum boʻlib turgan boʻlsa;

- sharh mualliflik huquqi yoki savdo markasiga zarar yetkazadigan tarkibga ega boʻlsa.

AQSHda blogerlar axborot tarqatishda jurnalistlarga tenglashtirilgan.

Belarus Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra internet-resurs, internet nashrining egasi oʻziga tegishli boʻlgan resurs orqali qonunchilik bilan tarqatish taqiqlangan, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi ishonchsiz, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va jismoniy shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi, yuridik shaxslarning ishchanlik obroʻsini toʻkuvchi maʼlumotlarni tarqatilishiga yoʻl qoʻymasligi, Respublika qonun hujjatlari talablariga amal qilishi va vakolatli davlat organining talabiga muvofiq yuqorida sanab oʻtilgan turdagi maʼlumotlarni darhol oʻchirib tashlashga majbur.

I. Oʻzbekiston Respublikasida

Oʻzbekistonda axborotlashtirish sohasini, axborotni izlash, olish, tarqatish va undan boshqacha tarzda foydalanish masalalarini tartibga solishga qaratilgan asosiy qonunlar bu Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi qonunlaridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har kim, shu jumladan OAV va blogerlar ham oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega (amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno). Yaʼni, qonun bilan cheklangan (taqiqlangan) axborotdan tashqari istalgan axborotni tarqatish mumkin.

Qanday axborotni tarqatish mumkin emas?

“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasi, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 121-moddasining birinchi qismiga koʻra, ommaviy axborot vositalaridan hamda veb-saytlar va (yoki) veb-sayt sahifasi, shu jumladan blogerning sahifasidan:

Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish;

urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish;

davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatish;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targʻib qilish;

pornografiyani targʻib qilish;

qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi shart.

Maʼlumot uchun: “qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlar”ga misol qilib Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksining tuhmat va haqorat qilish uchun javobgarlik belgilangan moddalarida nazarda tutilgan harakatlarni koʻrsatish mumkin (MJTK 40 va 41-md., JK 139 va 140md.).

“Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 121-moddasining ikkinchi qismi bilan quyidagi qoida oʻrnatilgan:

“Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni joylashtirishdan avval uning toʻgʻriligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda uni darhol oʻchirib tashlashi shart”.

Maʼlumot uchun: “axborot” tushunchasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasida berilgan boʻlib, unga koʻra, axborot deganda manbalari va taqdim etilish shaklidan qatʼi nazar shaxslar, predmetlar, faktlar, voqealar, hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tushuniladi.

Demak, ommaviy axborot vositalari hamda veb-saytlar (veb-sahifalar) egalari, shu jumladan, blogerlar ham oʻz tarmoqlarida tuhmat, haqorat va yuqorida keltirilgan tavsiflarga mos tushadigan boshqa har qanday maʼlumotlarni tarqatilmasligini taʼminlashlari, notoʻgʻri maʼlumotlar qoʻyilgan boʻlsa, ularni oʻchirishlari kerak.

Oqibatlar va javobgarlik

“Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 121-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlari yuqorida koʻrsatilgan majburiyatlarning bajarilmasligi oqibatlarini quyidagicha belgilaydi:

“Bu majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin. Ushbu talablarni buzganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi”.

Aniq javobgarlik masalasida esa eng avvalo Jinoyat kodeksining 2441-moddasi jiddiy eʼtiborga molik.Ushbu moddaga koʻra, ommaviy axborot vositalari yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda quyidagi hatti-harakatlarni sodir etish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi:

- diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maʼlumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish;

- fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish;

jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish;

- diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish.

Bu huquqbuzarliklarga nisbatan ijtimoiy xavflilik darajasi kamroq huquqbuzarliklarni harakatlarni aynan Internet orqali sodir qilganlik (haqoratli yoki boshqacha nomaqbul “post” va izohlar qoldirganlik, nomaqbul izohlarni oʻchirmaganlik) uchun jazo belgilovchi alohida qonun hujjati yoki norma amaldagi qonunchilikda hozircha mavjud emas.

Lekin, javobgarlikka sabab boʻladigan harakatlarni internet orqali sodir etgan shaxslar shu harakatlarni sodir etganlik uchun umumiy javobgarlik belgilangan tegishli qonun hujjatlariga asosan javobgarlikka tortilishi mumkin. Masalan, internetda “post” yoki izohlar orqali boshqa shaxsni tuhmat yoki haqorat qilganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 40 va 41-moddalari hamda Jinoyat kodeksining 139 va 140-moddalariga koʻra jazo belgilanishi mumkin.

Shu bilan birga, yuqorida koʻrsatilgan jazo choralari faqat huquqbuzarlikni bevosita sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishini ham taʼkidlash lozim.

Chunki, OAVlar hamda blogerlarga tegishli veb-saytlar (veb-sahifalar) orqali jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan harakatlarni boshqa shaxslar tomonidan sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini amaldagi qonunchilik OAVlar hamda blogerlar zimmasiga yuklagan boʻlsada, lekin bu majburiyatni bajarmaganlik uchun jazo choralari aniq belgilab qoʻyilmagan.

Umumiy qoida boʻyicha esa har qanday shaxs faqat oʻzi sodir etgan gʻayrihuquqiy, aybli harakati yoki harakatsizligi uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shu oʻrinda javobgarlikning fuqaroviy turi ham mavjudligini eslatib oʻtish zarur. Internet tarmoqlari orqali tuhmat, haqorat va boshqa notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatilishi oqibatida oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilgan deb hisoblagan fuqaro, Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga asosan, bunday maʼlumotlarni rad etilishini hamda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va maʼnaviy ziyoning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir. Bu qoida yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsini himoya etishga nisbatan ham tegishli yoʻsinda tatbiq etiladi.

Xulosa

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq:

1. OAVlar hamda veb-saytlar (veb-sahifalar) egalari, shu jumladan, blogerlar oʻz tarmoqlarida tuhmat, haqorat va qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa maʼlumotlarni tarqatilmasligini taʼminlashlari, notoʻgʻri maʼlumotlar qoʻyilgan boʻlsa, uni oʻchirishlari kerak. 
Bu ular zimmasiga yuklagan majburiyatlardir;

2 Bu majburiyatlar bajarilmagan taqdirda tegishli veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish belgilangan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin;

3. Internet tarmogʻida “post” yoki izohlar orqali boshqa shaxsni tuhmat va haqorat qilish hamda qonunlarga koʻra javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni sodir etishda aybdor shaxslar (OAV vakili yoki bloger yoxud boshqa jismoniy shaxs) Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40 va 41-moddalari, Jinoyat kodeksining 139, 140, 2441-moddalari, Fuqarolik kodeksining 100-moddasi hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy, jinoiy va fuqaroviy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Takliflar

Axborotni tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish zarur. Bunda quyidagi muammolarni bartaraf etishga alohida eʼtibo qaratish maqsadga muvofiq boʻladi:

1. Mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining koʻpligi (6 ta qonun va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud) OAVlar, blogerlar va aholi uchun ularni bilish va tushunishda qiyinchilik tugʻdiradi;

2. Mavjud qonun hujjatlari bilan axborotni tarqatish bilan bogʻliq munosabatlar yetarlicha tartibga solinmagan, ushbu munosabatlar subyektlariga qoʻyilgan talablarning bajarilishini nazorat qilish va talablar bajarilmagan hollarda javobgarlikka tortish mexanizmlari mukammal emas (masalan, izohlarni oʻchirish majburiyati bor, lekin oʻchirmaganlik uchun aniq javobgarlik belgilanmagan);

3. Soxta akkauntlar orqali “post” va izohlar qoldirish imkoniyatining mavjudligi, yaʼni veb-saytlar va (yoki) veb-sayt sahifalarida izoh qoldirmoqchi boʻlgan foydalanuvchilarning telefon raqami orqali roʻyxatdan oʻtgan holda yoki boshqacha tarzda oʻzini tanitishini taʼminlash tizimi joriy qilinmaganligi aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortish imkonini cheklaydi.

Aʼzam Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
direktori v.v.b.