Bugun agrar sohadagi xalqaro hamkorliklar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsiyalarga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganidan dalolat.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati va Koreya Respublikasining ORVIC Co., Ltd kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin mazkur kompaniya ozuqa sanoati, agrotexnologiya va yuqori samarali chorva mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy yechimlar taklif qiladi.
Muloqot davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yuqori samarali chorvachilikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida chorvachilik uchun ozuqabop ekinlar yetishtirish texnologiyalarini joriy etish, zamonaviy aralash ozuqa (omuxta yem) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sun’iy intellekt asosidagi agrotexnologiyalarni qo‘llash, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yuqori qiymatga ega marmar go‘sht yetishtirish va eksport salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladigan loyihalarga 10 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning dastlabki bosqichida 1 million dollar miqdoridagi sinov ishlari amalga oshiriladi, deyiladi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ma’lumotida. Ushbu bosqichda ozuqa yetishtirish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish, intellektual monitoring tizimlarini joriy etish hamda mutaxassislar ishtirokida o‘quv-treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.
Hamkorlik orqali innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish, fermerlar imkoniyatlarini kengaytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati hamda raqobatbardoshligini oshirish maqsad qilingan.
A.RUSTAMOV, O‘zA