Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana bir qonunga zarurat bormi?
13:31 / 2022-05-20

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida» deb nomlanayotgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi vakili qonun loyihasining zaruratini bir qancha raqamlar va fikrlar bilan asoslashga harakat qildi. Xususan, mamlakatimiz iqtisodiyotining izchil o‘sishi barobarida yurtimizda avtomobillar soni va yuk, yo‘lovchi tashish hajmining keskin oshib borishi avtomobil transportining kommunikatsiya tarmog‘i bo‘lgan avtomobil yo‘llarini, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishni taqozo etayotganiga e’tibor qaratildi.

Avtotransport vositalarining soni oshib borayotgani, avtomobil yo‘llariga ortiqcha yuklamalar tushayotganini inobatga olib, yo‘l harakatini tashkil etishning zamon talablariga javob beradigan normativ-huquqiy bazasini yaratish zarurati paydo bo‘lgani ta’kidlandi.

Tashabbuskor tomon vakiliga ko‘ra, yo‘l harakati ishtirokchilari bo‘lgan transport vositalari yo‘lovchilari, piyoda va velosiped haydovchilari uchun yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha amaliyotda qo‘llanilib kelayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati sobiq ittifoq davrida ishlab chiqilgan, ulardagi normalar zamonaviy talablarga mos kelmayapti. Shuningdek, yo‘l harakatini tashkil etish uchun mas’ul tuzilmalar instituti shakllanmagan.

Yuqoridagi omillar tufayli «Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida» yangi qonun qabul qilish zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bir necha nafar a’zolari bitta soha bo‘yicha 2-3 ta qonun qabul qilinishi muammoli holatlarga oqilona yechim hisoblanmasligi, yangi qonun loyihasini sohaga oid amaldagi qonunlar bilan umumlashtirish kerakligi haqida fikr bildirdi. Bir-biriga o‘xshash va yaqin qonunlar ko‘payishi real hayotda anglashilmovchiliklarni ham ko‘paytirishi, bu esa fuqarolarning qonunlarga nisbatan ishonchi susayishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Tashabbuskor tomonning yangi qonun loyihasini asoslab keltirgan fikr va vajlaridan deputatlar qoniqmadi.

Yakunda yangi qonun loyihasidagi takliflar, yangi mexanizmlar hisobiga amaldagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi, «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunlarni takomillashtirish kerakligi bo‘yicha xulosa berildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati