Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana bir o‘zbek jangchisining xoki yurtimizga keltirildi
23:11 / 2021-07-10

1912 yil Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanining avvalgi Telmon qishlog‘ida tug‘ilgan Umr Hatamov 1941 yilda minglab o‘zbek o‘g‘lonlari singari Ikkinchi jahon urushiga ketgan edi.

Uning turmush o‘rtog‘i Jumagul Norboyeva hamda yolg‘iz qizi Omonoy Choriyorovaga Umr Hatamovning 1943 yil 18 noyabrda Belarus hududida bo‘lgan janglarda halok bo‘lganligi haqida “qora xat” keladi-yu, ammo uning qayerga dafn etilganligi noma’lumligicha qoldi.

Biroq 2021 yil 22 iyunda Belarus Respublikasining qidiruv otryadi tomonidan Gomel viloyati Rechitsa tumanida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida sobiq Ittifoqning “Qizil armiyasi” safida xizmat qilgan 12 nafar askarning jasadi qoldiqlari va ular yonidan hujjutlari va medalonlar topilgan. Topilgan hujjat va medalonga ko‘ra ular orasida Umr Hatamov ham bo‘lgani aniqlandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi hukumati va diplomatik vakolatxonalar tomonidan o‘zbek qahramonining yaqinlari topildi va uni Vataniga qaytarishda zarur ishlar olib borilib, Belarus hukumatiga hamda qidiruv otryadiga alohida minnatdorchilik bildirildi.

Ona Vataniga keltirilgan o‘zbek o‘g‘lonining xoki Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi boshchiligida Samarqand viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, Pastdarg‘om tumani hokimligi, tuman mudofaa ishlari bo‘limi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida o‘zi tug‘ilib o‘sgan hozirgi “Beshnayman” MFY hududidagi xalq qabristoniga musulmonlar udumiga ko‘ra qayta dafn etildi.

Marosimda marhum haqqiga qur’on tilovat qilinib, Umr Hatamovning yolg‘iz qizi, bugunga kelib 80 yoshni qarshi olgan Omonoy Choriyorovaga va yaqinlariga hamdardlik bildirildi.

– Otam urushga ketayotganda men 6 oylik chaqaloq bo‘lgan ekanman, – deya gap boshladi Umr Hatamovning qizi Omonoy Choriyorova. – Onam, “otang bilan ikki yarim yil yashagan bo‘lsam-da, umrimning eng quvonchli onlari sifatida yodimda qolgan”, – derdi. Uning ko‘rinishini so‘raganimda, novchadan kelgan, yelkalari keng, tog‘ni talqon qilgudek baquvvat yigit edi, undaylarni birinchi navbatda urushga jo‘natardi, – deb ko‘z yosh qilardi. Mana bugun otamning xokini onam qabrining yonginasiga qo‘ydik va endi ular abadiy birga. Buning uchun hukumatimizga va qidiruvda ishtirok etgan barcha-barchaga o‘z minatdorchiligimni bildiraman.

Marhumning hoki bilan birgalikda keltirilgan buyumlari, hujjati va medaloni Umr Hatamovning qizi Omonoy Choriyorovaga topshirildi.

Leytenant Otabek NORBOEV, Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati