Ayni kunlarda “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Inspeksiyaning Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan shunday tadbirlarda ikki holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari oshkor etildi.
Unda ma’lum bo‘lishicha, “O.P.N.” MCHJ rahbari A.I. Navoiy shahridagi parranda yetishtirish binosida 3 dona “Innosilicon T3+” rusumli mayning qurilmalarni tarmoqqa ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida davlat manfaatlariga 106,5 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Hozir holat yuzasidan A.I. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Shuningdek, Karmana tumanidagi “D.N.” fermer xo‘jaligi 145,3 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Aniqlanishicha, “D.N.” fermer xo‘jaligi mas’ullari ushbu tumanda joylashgan ekin maydonini sug‘orish uchun o‘rnatilgan suv nasosini shartnomasiz tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasini o‘g‘rincha ishlatib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deyiladi “O‘zenergoinspeksiya” xabarida.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA