Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yana 100 ta ish o‘rni yaratiladi
17:12 / 2026-01-06

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida joylashgan “Elisa” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish orqali qo‘shimcha 100 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda korxonada 60 nafarga yaqin xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, yangi loyiha amalga oshirilishi mahallada bandlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Bu haqda Xovos tumani hokimi Qomus Yo‘ldoshevning korxonaga tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi. Uchrashuvda korxona rahbari Abdulaziz Manqulov hamda xorijiy hamkorlar ishtirok etib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi uskunalar o‘rnatish va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

–  “Elisa” MCHJ da ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich kengaytirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud. Ayni paytda korxonamiz to‘qimachilik mahsulotlarining bir nechta turini ishlab chiqarmoqda. Mavjud binolarni to‘liq ishlab chiqarishga moslashtirish va zamonaviy uskunalar o‘rnatish orqali ish hajmini bir necha barobar oshirish mumkin. Eng muhimi, mahalliy xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Yangi quvvatlar ishga tushirilsa, kelgusi yil boshidan qo‘shimcha 100 ta ish o‘rni yaratishga tayyormiz, – dedi korxona rahbari Abdulaziz Matqulov.  

Shuningdek, korxona tomonidan tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha bir qator eksport shartnomalari imzolangani qayd etildi. Uzoq yillar davomida foydalanilmagan bino ishlab chiqarish talablariga moslashtirilib, faoliyat yo‘lga qo‘yilgani mahallada iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Biroq mahsulotlarni eksport qilish uchun zarur bo‘lgan sertifikatlarni rasmiylashtirish hamda ijara shartnomalarini tuzishda ayrim tashkiliy muammolar mavjud. Uchrashuv yakunida ushbu masalalarni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi hamda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

Yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi orqali “Elisa” MCHJ faoliyati nafaqat mahallada aholi bandligini ta’minlash, balki hudud sanoat salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri