Yamanda noqulay ob-havo uch kishining hayotiga zomin bo‘ldi
Yamanda mamlakat uchun xos bo‘lmagan kuchli yomg‘ir yog‘di. Bu haqda “Regnum” xabar bermoqda.
Jurnalistlar yozishicha, g‘ayritabiiy yog‘ingarchilik tufayli Sano viloyati Bani Matar tumanidagi turar-joy binosi vayron bo‘lgan, natijada uch nafar mahalliy aholi vakili halok bo‘lgan. Mahalliy hukumat voqea joyiga qutqaruv guruhini yubordi.
“Al-Masirah” axborotiga ko‘ra, vayrona va ko‘chki haqida ma’lumot kelishi davom etayotgan bir paytda rasmiylar hozircha qurbonlarning aniq sonini ayta olmayapti. Yo‘llar to‘silishi tufayli bir necha hudud oziq-ovqat ta’minotidan uzilgan, elektr uzatish tarmog‘i shikastlangani kuzatilgan.