English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yalpi Majlis: JSTga a’zolik bo‘yicha keyingi qadam tashlanmoqda
15:22 / 2025-07-08

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Bozor islohotlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishish yanada jadallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizning o‘rta va uzoq muddatli strategiyalariga muvofiq O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiyotga to‘liq integratsiyasini ta’minlash, monopol sohalarni bozor tamoyillariga izchil o‘tkazish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

[gallery-24211]

Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish, davlat korxonalarining maxsus (eksklyuziv) huquqlarni bosqichma-bosqich bekor qilish hamda iqtisodiyotda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali ochiq va raqobatbardosh bozor muhitni shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda. 

Xususan, Prezidentimizning “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan qora va rangli metall lomi hamda chiqindilarini tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi sohalaridagi yirik davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlari bekor qilindi hamda mazkur sohalarda litsenziyalash tartibi joriy etilishi belgilandi.

Shunga asosan loyiha bilan qora va rangli metall lomi hamda chiqindilarini tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatlarni litsenziyalash joriy qilinmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Majlisda ko‘rilgan yana bir masala “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ekspertlar tomonidan batafsil o‘rganilganda amaldagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun bugungi kunda mavjud muammolarni to‘liq hajmda huquqiy tomondan tartibga solish imkonini bermayotgani ma’lum bo‘lmoqda.

Xususan, qonun bundan qariyb 20 yil avval qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatish, pulli avtomobil yo‘llari tarmog‘ini yaratish masalalarini tartibga solish imkonini bermasdan qolmoqda.

Shundan kelib chiqib, yangi tahrirda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi bilan “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmi joriy etilib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilmoqda. 

Shuningdek, qonun loyihasiga kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda. Ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda.

Qonun loyihasining yana bir asosiy jihati, bu pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda investorlarga imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlashdi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib, bildirilgan ayrim takliflar qonun loyihasini takomillashtirish va maromiga yetkazishda e’tiborga olinishini qayd etdilar.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. 

Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan – “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda noshirlik faoliyatining zamonaviy infratuzilmasini yaratish yo‘lida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, kitob chop etishga mo‘ljallangan uskunalar, qog‘oz va siyohlar importi uchun bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi. Noshirlik korxonalariga 3 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu moliyaviy mexanizm kichik va o‘rta turdagi nashriyotlarning mustahkam faoliyat yuritishiga ko‘maklashmoqda.

Natijada oxirgi to‘rt yilda nashriyotlar soni 3,5 barobarga ko‘payib, 590 tadan oshdi. Nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati 2 barobar oshib, har yili o‘rtacha 11 ming nomda jami 40 million nusxada adabiyotlar nashr etilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, hususan kitoblarda qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid ma’lumotlar, noto‘g‘ri faktlar chop etilishining oldini olish maqsadida nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini va mas’uliyatini qonunchilikda belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga nashriyotlar mas’uliyatini oshirish, nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilash va kitobxonlik madaniyatini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda.

Qonun loyihasi bosh muharrirning huquqiy maqomini belgilashga, nashr etilayotgan kitoblarning sifati oshishiga, xuquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va estetik talablarga mos kelmaydigan adabiyotlar chop etilishining oldini olishga, adabiyotlardagi tarixiy, ilmiy va ommaviy ma’lumotlar yanada aniq va ishonchli bo‘lishiga, kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlashdi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berdilar.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

N.Nasriyev

R.Nazarmatov(surat)

O‘zA