Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YALPI MAJLIS: diniy tashkilotlar faoliyatini toʻxtatib turish faqat sud tartibida amalga oshirilishi mumkin
17:25 / 2020-09-15

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid muhim qonun loyihalarini koʻrib chiqdi.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid muhim qonun loyihalarini koʻrib chiqdi.

Dastlab, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslan Davletov va masʼul qoʻmitaning maʼruzalari eshitildi.

Loyihada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va boshqa xalqaro hujjatlarda oʻrnatilgan talablar, BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi, Insoniylik mezonlari boʻyicha YEXHTning tavsiyalari oʻz aksini topgan. Shu bilan birga, loyihani ishlab chiqish jarayonida xalqimizning koʻp asrlik tarixi va diniy qadriyatlari, bugungi kun voqeligi ham inobatga olinganligi eʼtirof etildi.

Loyihada sohaga oid munosabatlarni tartibga solish yagona qonunga birlashtirilib, koʻpgina atama va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda, vakolatli davlat organlarining vazifalari aniqlashtirilmoqda.

Diniy tashkilotlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib-tamoyillari yengillashtirilib, amalda boʻlgan qonundagi bir qator cheklovlar olib tashlanmoqda. Shu bilan birga, diniy tashkilotlarga bir qator qoʻshimcha kafolatlar oʻrnatish qonun loyihasida oʻz aksini topgan. Jumladan, qonun buzilishga yoʻl qoʻygan diniy tashkilotlar faoliyatini toʻxtatib turish faqat sud tartibida amalga oshirilishi va ularga kamchilikni bartaraf etishga 6 oygacha imkoniyat berish kabi qoʻshimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Oliy Majlis Senati tomonidan rad etilgan “Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisidagi masala ham muhokama markazida boʻldi.

Qonunni rad etishga asos sifatida amaliyotdagi muammolarning yechimi Qonunda oʻz aksini topmaganligi, Qonun normalarini Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya (Rim, 1951-yil 6-dekabr) talablari asosida qayta koʻrib chiqish zarurligi, ushbu Qonun hamda “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan norma va atamalar bir-biriga muvofiqlashtirilmaganligi hamda boshqa qator sabablar keltirilgan.

Majlisda bildirilgan takliflardan kelib chiqib, sohaga oid qonundagi norma va atamalarni inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.